Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sog‘lom inson uzoq va baxtli hayot kechiradi
14:58 / 2019-04-10

Aholining uzoq umr ko‘rish davomiyligini ta’minlash dolzarb masalalardan biridir. Zero, ushbu ko‘rsatkich insonlarning sog‘lom turmush tarzi va farovon hayoti ifodasidir.Shu o‘rinda sog‘lom turmush tarzi nima, unga amal qilish me’yorlari qanday, yurtimizda sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar nimalardan iborat, kabi savollar tug‘iladi.

Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno ODILOVA shu kabi savollarga oydinlik kiritdi.

— Sog‘lom turmush tarzi — insonning kun tartibiga rioya etishi, faol harakat asosida organizmini chiniqtirishi, sport bilan shug‘ullanishi, to‘la va sifatli ovqatlanishi, gigiyenik qoidalarga amal kilishi, zararli odatlardan o‘zni tuta bilishidir, — deydi u. — Serharakatlilik organizmni tabiiy ravishda rag‘batlantirib turadi. Shuning uchun serg‘ayrat, tinib-tinchimaydigan odamlar doimo tetik, bardam, keksayganlarida ham baquvvat va shijoatli bo‘ladi.

Afsuski, hozirgi urbanizatsiya sharoitida keng jamoatchilik va yoshlarimiz o‘rtasida jismoniy faolik sezilarli kamayganligi ko‘zga tashlanmoqda. Shu bois jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, kamharakatlilikka qarshi ommaviy kurashish, insonlarning yuksak jismoniy va aqliy ish qobiliyatini muhofaza etish, aholi keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlarni sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish tobora dolzarblik kasb etmoqda.

— Nosog‘lom turmush tarzi qanday salbiy oqibatlarga olib keladi?

— Nosog‘lom turmush tarzi va jismoniy nofaollik yurak-tomir tizimi kasalliklari, insult, xavfli o‘smalar, nafas olish a’zolarining surunkali yallig‘lanishi, qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan xastaliklarni keltirib chiqargani bois butun dunyo bo‘yicha nogironlik va barvaqt o‘limlarning yetakchi sabablaridan hisoblanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi bir necha o‘n yil ichida dunyoda ortiqcha vazn va semizlik muammosi ortib bormoqda. 2015 yilda yuqumsiz kasalliklar 40 million odamning umriga zavol bo‘ldi, bu esa dunyo bo‘yicha barcha o‘lim holatlarining 70 foizini tashkil qiladi.

  • O‘zbekistonda bu borada ahvol qanday?

— Yurtimizda yuqumsiz kasalliklar har yili barcha o‘lim holatlarining 78 foizining sababchisi bo‘lmoqda. 2017 yilda jinsi va yoshi bo‘yicha standartlashtirilgan o‘lim sabablari strukturasida birinchi o‘rinni qon aylanish tizimi kasalliklari, jumladan, yurak ishemik kasalligi, arterial gipertoniya va uning asoratlari (miokard infarkti, insult va hokazo) egalladi (69 foiz). Ulardan keyin xavfli o‘smalar (8 foiz), qandli diabet (3 foiz) va nafas olish a’zolari kasalliklari (3 foiz) joy oldi.

2014-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda 18-64 yoshdagi aholi orasida o‘tkazgan o‘rganishlari salbiy natijalarni ko‘rsatdi. Jumladan, aholining uchdan ikki qismi (67 foiz) sabzavot va mevalarni yetarlicha iste’mol qilmaydi (har kuni 400 grammdan kam), yarmi ortiqcha vaznga ega (tana vazni indeksi ≥25 kg/m2). Katta yoshdagi yurtdoshlarimizning har beshinchisida semizlik aniqlangan (tana vazni indeksi ≥ 30 kg/m2). Aholining 46 foizida qondagi xolesterinning ortgan darajasi qayd qilingan. Erkaklarning 42 foizi va ayollarning 1,5 foizi tamaki iste’mol qiladi. Aholining deyarli uchdan bir qismida yuqori arterial bosim (≥ 140/90 mm Hg) qayd etilgan. 40-64 yoshdagi insonlarning beshdan bir qismida o‘n yillik yurak-tomir tizimi kasalliklarining rivojlanish xavf darajasi 30 foizdan ortiq. Odamlar orasida bir kunda iste’mol qilinayotgan tuz miqdori o‘rtacha 14,9 grammni tashkil qiladi, bu esa tavsiya etilgan ko‘rsatkichdan (kuniga 5 grammdan kam) 3 baravar ko‘p.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining baholashiga ko‘ra, 2016 yilda yuqumsiz kasalliklar yetkazgan iqtisodiy zarar taxminan 9,3 trillion so‘mni tashkil etgan, bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 4,7 foiziga teng.

— Davlatimiz rahbarining 2018 yil 18 dekabrdagi “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tizimda qaysi o‘zgarishlarga asos bo‘ldi va siz rahbarlik qilayotgan markaz tomonidan uning ijrosi doirasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Darhaqiqat, mazkur hujjat qabul qilingunga qadar profilaktika chora-tadbirlarini samarali muvofiqlashtirish tizimi mavjud emasligi natijasida fuqarolarning jismoniy faolligi darajasini qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom turmush tarzini yuritishda kelishilgan choralar ko‘rish imkoni mavjud emasdi. Aholining tibbiy va sanitar-gigiyenik madaniyati darajasi pastligicha qolayotgani bois asosiy e’tibor profilaktikaga emas, kasalliklar bilan kurashishga qaratilardi.

Prezidentimiz qarori yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy faolligini oshirishni tashkil qilish va boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishga asos bo‘lmoqda. Ushbu hujjat ijrosi doirasida markazimiz tomonidan muayyan ishlar olib borilyapti. Jumladan, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar va ularning xavf omillariga qarshi kurashish hamda oldini olish bo‘yicha maqsadli dastur ishlab chiqildi. Davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va ommaviy sport harakatini tibbiyot profilaktikasi bilan integratsiyalashtirish bo‘yicha ommaviy tadbirlar o‘tkazyapmiz.

Xalqaro hamkorlikning samarali yo‘lga qo‘yilgani ishimizni yengillashtirmoqda. Jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining arterial gipertoniya, qandli diabet, bronxial astma va o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi hamda boshqa yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bo‘yicha klinik protokollar, standartlar hamda tavsiyalar talablari birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga tatbiq qilindi. 40 yosh va undan katta aholi o‘zlari istiqomat qilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining umumiy amaliyot shifokorlari va patronaj hamshiralari tomonidan reja asosida ommaviy skrining tadbirlari bilan qamrab olinmoqda. O‘tgan davrda 1,3 milliondan ziyod insonlar yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavf omillarini aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilgan bo‘lib, turli darajadagi yurak-qon tomir kasalliklari xavf omillari aniqlangan, shuningdek, birinchi marta yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalingan bemorlar qat’iy nazoratga olindi.

Yurtimizda haftaning har shanba kuni “Salomatlik kuni” deb e’lon qilinib, tibbiyot xodimlari ishtirokida ommaviy sport tadbirlari tizimli ravishda o‘tkazilyapti. Notibbiyot kasb-hunar kollejlarida “Sog‘lom turmush tarzi va oila” fani dars jadvaliga kiritildi. Tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida yangi yo‘nalish — nutritsiolog mutaxassisligini tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Jamoat joylari, supermarketlar, bozorlar, xiyobonlar va mahallalarda “Sog‘lom ovqatlanish yarmarkasi”, “Salomatlik maydonchasi” tadbirlari, “Sog‘lom hayotga qadam tashla!”, “Biz tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz!” aksiyalari va ta’lim muassasalarida “Salomatlik darslari” orqali aholiga sog‘lom turmush tarzi tamoyillari keng targ‘ib qilinyapti.

Aytish kerakki, ushbu qaror asosida nafaqat bizning markazga, balki barcha davlat organlari va tashkilotlariga ham talaygina vazifalar yuklatilgan. Xususan, har bir muassasa xodimlar uchun ish kuni davomida gimnastika mashqlari, haftasiga kamida bir marotaba yugurish, suzish, futbol, voleybol, basketbol, tennis va boshqa tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Salomatlik kuni” joriy etishi shart. Xodimlarning muntazam ravishda ommaviylashgan sport turlari bo‘yicha musobaqalar va boshqa jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlarida qatnashishlarini rag‘batlantirishi lozim.

— Mutaxassis sifatida sog‘lom turmush tarzining organizmimizga foydalari haqida nima deya olasiz?

— Bu haqda uzoq gapirish mumkin. Keling, sizga ilmiy xulosalarni aytay. Rus olimi I. Pavlov jismoniy harakatning inson salomatligiga ta’sirini organizm tashqi muhit bilan chambarchas bog‘langanligini anglatuvchi ko‘rinish, deb ta’riflaydi. Bunday bog‘lanish va biologik a’zolar faoliyatini markaziy asab tizimi boshqarib turadi. Jismoniy mashg‘ulot u yoki bu muskullar guruhiga ta’sir qilmay, bir butun mexanizm hisoblangan organizmga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ayniqsa, doimiy uzluksiz ravishda bajariladigan jismoniy harakat kishi sog‘lig‘iga yaxshi ta’sir etadi. Xususan, modda almashinuvi yaxshilanadi, organizm to‘qimalari oziq moddalarni yaxshi o‘zlashtiradi, parchalangan moddalar esa organizmdan tezroq chiqarib tashlanadi. Yurak chiniqadi va yanada chidamli bo‘ladi. Shu sababli faol jismoniy harakat qiluvchi kishilar doim tetik, ruhan yengil, kuvvatga to‘lgan, kayfiyati yuqori, dili ravshan bo‘ladi.

Bundan tashqari, bizning issiq iqlim sharoitimizda an’anaviy usullar bilan birga noan’anaviy usullar orqali ham organizmni chiniqtirish mumkin. Masalan, har xil oyoq vannalari qabul qilish, tuzli hamda toshli yo‘lakchalarda yurish, shuningdek, uyqudan oldin va keyin ochiq havoda sayr qilish organizmning immun tizimini kuchaytiradi. Agar har kuni kamida 25-30 daqiqa yugurib, turli mashqlarni bajarsak, o‘zimizdagi ijobiy o‘zgarishlarni tezda payqaymiz. Jumladan, yurak-qon-tomir funksiyasi faollashgani, nafas olishimiz yaxshilangani, suyaklarimiz mustahkamlanib, muskullarimiz yanada kuchli bo‘lgani yaqqol seziladi. Shuningdek, bo‘g‘inlarimiz harakatchanligi ortib, ovqatning yaxshi hazm bo‘layotgani, asab tizimimiz xotirjamligi bizni xursand qiladi.

Aytish joizki, kun tartibiga amal qilish sog‘lom turmush tarzi asosidir. Kun tartibi insonning dunyoga kelgan kunidan boshlab amalda bo‘luvchi doimiy jarayon sanalib, shaxsning turli mazmundagi faoliyatlarni — mehnat qilish, dam olish, ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanish va hokazolarni muayyan vaqtda, tartib bilan, ketma-ket bajarishidir. Tabiiyki, kun tartibi hamma uchun bir xil bo‘la olmaydi va u shaxsning yoshi, sog‘lig‘i, ish qobilyati va maishiy turmush sharoitiga muvofiq tuziladi. Uning umumiy talablariga amaliy mehnat bilan jismoniy mehnatning to‘g‘ri taqsimlanishi, o‘z vaqtida dam olish, har kuni muayyan vaqt va me’yorda ovqatlanish, ma’lum vaqtda uyquga yotish va barvaqt uyg‘onishga odatlanish, ochiq havoda sayr etish kabilar kiradi. Insonning sog‘lom yoki nosog‘lom turmush tarzi ham kun tartibining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri uyushtirilganiga bog‘liq. To‘g‘ri tuzilgan kun tartibi organizmning har tomonlama to‘g‘ri rivojlanishi, irodaning mustahkamlanishi, mehnat unumdorligi yuqori bo‘lib, ishlash qobiliyatining uzoq vaqt yaxshi saqlanishi, kasallanishining oldini olishda muhim o‘rin tutadi.

Sog‘lom turmush tarzi omillaridan yana biri — ozodalikdir. Unga rioya qiladigan odam salomat bo‘ladi. Ozodalik terini toza tutishning birinchi qoidasidir. Zero, teri organizmni tashqi zararli ta’sirlardan: sovuq qotish, qizib ketish, namlik, mexanik va kimyoviy shikastlanishlardan himoya qiladi, modda almashinuvida faol ishtirok etadi. Shu bois har bir kishi, avvalo, o‘z badanini ozoda tutishga e’tibor berishi zarur.

— Ko‘pchiligimiz to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga ham amal qilmaymiz.

— Rost aytasiz. Sog‘ligimizdagi ko‘plab muammolar shu tufayli yuz beradi. Aslida, ovqatlanish, ayniqsa, o‘z vaqtida va me’yorida, zarur bo‘lganda esa parhezbop taomlar iste’mol qilish muhim ahamiyatga ega.

Organizm me’yorida faoliyat ko‘rsatishi uchun 600 dan ortiq ozuqalar kerak. Bunga faqat ratsional ovqatlanish orqaligina erishish mumkin. Lekin ko‘pchilik “ratsional ovqatlanish” deganda, mazali, to‘yimli, yuqori kaloriyali taomlarni iste’mol qilishni tushunadi. Biroq iste’mol qilinadigan taomlar organizm tiklanishini ta’minlasa, yo‘qotilgan energiyaga bo‘lgan talabni qondirsa, tarkibida zarur darajada oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, vitaminlar, mikro-makroelementlar, o‘simlik tolalari saqlasa hamda oziq-ovqatlar va ularning tarkibi, miqdori oshqozon-ichak tizimi fermentlari faolligi bilan mos kelsa, buni ratsional ovqatlanish sifatida qabul qilish mumkin.

Odamning kunlik quvvat sarfini aniqlash uchun asosiy almashinuv, ovqatning spetsifik dinamik ta’siri va har xil faoliyat turlari qo‘shib chiqiladi. Fiziologiya nuqtai nazaridan barcha sarflanadigan quvvatning 40 foizi asosiy jismoniy faollik hissasiga to‘g‘ri kelishi kerak. Kunlik quvvat sarfi aniqlangandan keyin qabul qilinayotgan va sarflanayotgan energiya mikdoriga qarab ovqat ratsionini tuzish mumkin.

Ovqatni kunning qaysi qismida iste’mol qilish ham muhim omildir. Taomlanishda vaqtni hisobga olish shartli reflekslar hosil bo‘lishiga olib keladi va o‘z navbatida, organizmni ovqat qabul qilishga tayyorlaydi. Ovqatlanish orasidagi vaqt kun tartibining qandayligidan qat’i nazar ma’lum tanaffuslardan iborat bo‘lishi kerak, jumladan, nonushta va tushlik, tushlik hamda kechki ovqat oralig‘idagi vaqt 5-6 soatni, uyqudan oldingi ovqatlanish 1,5-2 soatni tashkil qilishi lozim.Kuniga to‘rt mahal ovqatlanish tavsiya qilinadi.

Har bir ovqatlanishda yegulikning tarkibiy qismiga e’tibor berish lozim. Chunki oqsilga boy ovqat asab tizimi qo‘zg‘aluvchanligini oshiradi. Shuning uchun uni kunning birinchi yarmida — organizm faollik ko‘rsatuvchi qismida iste’mol qilgan ma’qul. Uyqudan oldin asab tizimini qo‘zg‘atish yaramaydi, bu chuqur uyqu holatini yuzaga keltirishi mumkin. Kechki ovqatning ko‘p iste’mol qilinishi yog‘lar oksidlanishi to‘liq bo‘lmasligiga olib keladi va semirishga moyillikni keltirib chiqaradi. Kechki ovqat kam miqdorda, yengil, sabzavotlar va sut mahsulotlaridan iborat bo‘lishi zarur.

Suhbatimiz intihosida barchadan sog‘lom turmush tarziga qat’iy amal qilishni so‘rayman. Zero, sog‘lom inson uzoq va baxtli hayot kechiradi.

M.Xolmurodova suhbatlashdi