Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sog‘lom homiladorlik – sog‘lom kelajak (+video)
15:49 / 2025-08-06

Namanganda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali tashabbusi bilan “Sog‘lom homiladorlik – sog‘lom kelajak” aksiyasi doirasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar boshlandi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tibbiy aksiyaning dastlabkisi Namangan shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida o‘tkazildi. Unda hududdagi mahallalardan og‘ir muammoli homilador ayollar “Lola” markaziy tug‘ruqxonasining malakali akusher-ginekolog va umumiy amaliyot shifokorlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 

Prezidentimizning 2023 yil 8 sentyabrdagi “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan bepul tibbiy aksiyada o‘nlab muammoli homilador ayollar ishtirok etdi. 

Qayd etish kerak, 13 mingdan ortiq aholiga kafolatlangan bepul tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida yigirmaga yaqin patronaj hamshiralardan shakllangan o‘nga yaqin tibbiy brigada faoliyatida onalik va bolalikni muhofaza qilish, tug‘ish yoshidagi hamda homilador ayollarning salomatligi ko‘zdan o‘tkazilmoqda. 

– “Sog‘lom homiladorlik – sog‘lom kelajak” shiori ostidagi tibbiy ko‘riklardan maqsadimiz ayollarimizda homiladorlik davridagi kasalliklarni barvaqt aniqlash, davo choralarini ko‘rish va sog‘lom farzandlar tug‘ilishiga erishishdan iborat, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali direktori Rayhona Daminova. – Keng ko‘lamli aksiya davomida Fotima Qayumova, Nilufar Qayumova, Shahnoza Botirova, Kamola Qahhorova kabi tajribali shifokorlar tomonidan viloyatning barcha hududidagi xavf guruhiga mansub homiladorlar qamrab olinib, ularga zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Ilk bor chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik davomida o‘nlab homiladorlardagi xastaliklarni barvaqt aniqlashga erishdik. Natijada, bemorlar statsionar va ambulator davolanishga yo‘naltirildi. 

– Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaning homiladorlar ro‘yxatida turaman. Bu yerdagi mehr va e’tibor, beminnat tibbiy xizmatdan behad xursandman, – deydi Namangan shahrida istiqomat qiluvchi Malika Sultonova. – Patronaj doyamizning tavsiyasi bilan sog‘lomlashtirish aksiyasiga kelib, mohir akusher-ginekologdan o‘zim va bo‘lg‘usi zurriyodim uchun kerakli maslahatlar oldim. Barcha jarayonlar yaxshi kechayotganidan ko‘nglim yorishdi. 

Shu yilning 20 avgustiga qadar davom etadigan tibbiy ko‘rik aksiyasi viloyatning barcha tumanlarida ham uyushtirilib, sog‘lom farzandlarni dunyoga kelishi uchun homiladorlar salomatligi yaxshilash borasida aniq muolaja choralari belgilab olinadi. 

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ohCRSmq4v44" title="Sog‘lom homiladorlik – sog‘lom kelajak" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.