“Sog‘ tanda – sog‘lom aql”, deb bekorga aytilmagan.
Inson sog‘-salomat bo‘lsa xotirjam fikr yuritib, zimmasidagi vazifani sitqidildan bajaradi, belgilagan rejalarini to‘liq amalga oshiradi. Ulkan marra, muvaffaqiyatlarga erishadi.
Shu sababli ham yurtimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etib, aholi salomatligini asrashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har bir mahallada "Workout" maydonlari, sport maskanlari qurilib, ommaviy sport bilan shug‘ullanish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Sirdaryoda sog‘lom turmush muhitini yaratish ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida hafta boshidan keng jamaotchilikni jalb qilgan holda “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida sog‘lomlashtirish tadbirlari boshlandi.
Dastlab, “Tadbirkorlar va hunarmandlar xiyoboni”da viloyatdagi iqtidorli sportchilar erishayotgan yutuqlari aks etgan ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi. O‘g‘il-qizlarning ko‘rgazmali chiqishlari yoshlarda katta taassurot qoldirib, sportga qiziqishlarini yanada oshirdi.
Olimpiya zaxiralari kollejida “Biz buyuk tarix yaratgan xalqmiz” mavzusida xalqimizning qadim o‘tmishga borib taqaluvchi qadriyatlari, urf-odatlari aks etgan teatrlashtirilgan tomosha ham o‘tkazildi.
So‘ng “Biz birga Yangi O‘zbekistonmiz” g‘oyasi ostida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” loyihasi doirasida Guliston shahri ko‘chalarida piyoda yurish tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Xalq sayli tarzida uyushtirilgan tadbirda viloyat hokimligi mas’ullari, sektor rahbarlari, tashkilot, korxona vakillari bilan o‘z sog‘ligiga befarq bo‘lmagan nuroniy otaxonlar, onaxonlar va yoshlar ishtirok etdi.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA