Insonning sog‘lom hayot kechirishi uchun nafaqat tibbiy xizmatlar yoki to‘g‘ri ovqatlanish, balki atrof-muhitning sofligi ham katta ahamiyatga ega. Toza havo, tiniq suv, ozoda ko‘chalar va chiqindilarsiz muhit — sog‘lom hayotning asosidir. Shu ma’noda, Sirdaryo viloyatida ekologik barqarorlikni ta’minlash va sanitar holatni yaxshilash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda tegishli tashkilotlar tomonidan maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Prezidentning 2024 yil 4 yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni asosida viloyatning olti tumanida jami 22,8 gektar maydondagi qattiq maishiy chiqindi poligonlarini zamonaviy muhandislik va kommunikatsiya infratuzilmalari bilan jihozlash ishlari amalga oshirildi.

Bu maqsad uchun 7 milliard 675,5 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Boyovut, Oqoltin va Guliston tumanlarida chiqindilarni tuproq bilan ko‘mish va rekultivatsiya ishlari 90 foizga yakunlandi. Ushbu hududlarda tarozi maydonlari, maishiy xonalar, elektr transformatorlari va yong‘in xavfsizligi tizimlari yangidan qurildi. Sardoba va Sirdaryo tumanlarida amalga oshirilgan shunga o‘xshash ishlar ham sanitar holatning keskin yaxshilanishiga xizmat qildi.

Asosiysi, Sirdaryo viloyatidagi 239 ta mahalla Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyot agentligi tomonidan joriy etilgan “Toza makon” billing platformasi orqali to‘liq qamrab olindi. Ushbu tizim sanitar tozalash xizmatlarini elektron tarzda nazorat qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va to‘lovlarni shaffof hamda qulay amalga oshirish imkonini yaratib, chiqindilar logistikasini optimallashtirish, resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga sezilarli hissa qo‘shmoqda.

Bunday yondashuv tufayli hududlarda chiqindilarni yig‘ish va markazlashgan holda chiqarib ketish jarayonlari barqaror yo‘lga qo‘yildi. Aholi o‘rtasida sanitar holatdan qoniqish darajasi oshib borayotgani esa raqamlashtirilgan boshqaruv tizimining samaradorligini tasdiqlamoqda. Shu bilan birga, platforma sohada yuksak tartib-intizom, ekologik madaniyat va samarali resurs boshqaruviga zamin yaratmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi 930 ming 874 nafar aholidan 631 ming 552 nafari sanitar tozalash xizmatidan foydalanmoqda. Bu ko‘rsatkich hozirda 68 foizni tashkil etadi, 2025 yil yakuniga qadar esa xizmat qamrovini 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Toza makon” tizimi orqali 239 ta mahalla, 650 ta ko‘cha, 8 ta poligon, 92 ta chiqindi yig‘ish maydonchasi va 128 ming 784 ta abonent raqamli nazoratga olingan.

Sohada shaffoflikni ta’minlash maqsadida 26 ta chiqindi yig‘ish maydoni va 25 ta maxsus texnika vositasiga onlayn kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Bu esa nazorat va hisobot tizimini yaxshilash, mablag‘lar sarfini aniq kuzatish imkonini bermoqda.
– Viloyatda chiqindilarni to‘plash va qayta ishlash tizimini zamonaviy shaklga o‘tkazish, raqamli nazorat va hisobot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish — bizning asosiy vazifamizdir, – deydi Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Shuhrat Nu’monov. – Har bir mahallada sanitar tozalash xizmati yo‘lga qo‘yilgani aholi uchun katta qulaylik yaratmoqda. Chiqindilarni ajratib yig‘ish madaniyatini oshirish va qayta ishlashni tashkil etish esa ustuvor vazifalarimizdan bo‘lib qoladi.
Bu jarayon nafaqat shahar va tumanlardagi sanitar holatni yaxshilashga, balki aholida ekologik madaniyatni shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. Toza muhit — sog‘lom hayot asosi ekanini anglagan fuqaro o‘z atrofini ozoda saqlashga mas’uliyat bilan yondashadi.
– Nafaqat xonadon yoki mahalla, balki butun shaharning ozodaligi insonning kimligi va madaniyatidan darak beradi, – deydi mehnat faxriysi Suyun Murodov. – So‘nggi vaqtlarda tozalik va ozodalikka katta e’tibor qaratilmoqda. Bu esa ekologik barqarorlikni ta’minlash, nafas olayotgan havoni sof holda saqlashga katta hissa qo‘shmoqda. Albatta, bu borada sanitar tozalash korxonalari va shahar hamda xiyobonlarni ozoda saqlash uchun tinmay xizmat qilayotgan xodimlarning hissasi beqiyos.
Sirdaryo viloyat “Toza hudud” davlat muassasasi rahbari Kamoliddin Sulaymonov esa qo‘shimcha qildi:
– Prezidentimizning “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni oldini olish hamda maishiy chiqindi xizmatlarini yanada takomillashtirish uchun keng imkoniyat yaratdi. Ushbu hujjat sohadagi tartib-intizomni mustahkamlash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi.
Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ushbu ishlar nafaqat chiqindilarni boshqarish tizimini rivojlantirishga, balki aholi uchun sog‘lom muhit yaratish, tabiatni asrash madaniyatini kuchaytirishga ham xizmat qilmoqda.
Sog‘lom hayot sof muhitdan boshlanadi. Pok muhitni yaratish esa har birimizdan mas’uliyat va e’tiborni talab etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri