O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi hamda Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamkorligida Shirin shahrida joylashgan Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Harbiy qismi xizmatchilari ishtirok etgan tadbirda globallashuv jarayonlarining shiddat bilan kechayotgani, dunyo miqyosida g‘oyaviy va mafkuraviy tahdidlar tobora kuchayib borayotgani ta’kidlandi. Shu sharoitda yoshlar ongida sog‘lom dunyoqarash va vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy immunitetni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Ma’ruzachilar so‘zlarida Prezidentimiz ta’kidlagan quyidagi fikrlar alohida urg‘u bilan o‘qildi: «Biz ma’naviyat va ma’rifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz. Vijdon, ma’naviyati bor inson vatanni albatta yaxshi ko‘radi. Vijdon, ma’naviyat degani – xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir».


Tadbir davomida ishtirokchilarga turli ma’naviy tahdidlarning salbiy oqibatlari va ularga qarshi ma’rifat orqali kurashishning samarali yo‘llari haqida atroflicha tushuntirish berildi. Shuningdek, vatan ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lida yoshlarni birlashtirish, ularning bilim va salohiyatini ezgu maqsadlarga yo‘naltirish borasida amaliy vazifalar belgilab olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri