Guliston shahridagi yosh oilalarda mas’uliyatli ota-onalikni targ‘ib qilishga qaratilgan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Sirdaryo viloyati oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi doirasida tashkil qilindi.
Unda ota-onalik mas’uliyati, oila tayyorgarligi, reproduktiv salomatlik, iqtisodiy savodxonlik va oiladagi ma’naviy muhit masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yosh oilalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va oilaviy muammolarni samarali hal etish yo‘llari haqida tavsiyalar berildi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari va oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojiboyeva yosh oilalarda mas’uliyatli ota-onalik madaniyatini shakllantirishda davlat dasturlarining ahamiyatini ta’kidlab, jumladan shunday dedi:

– Oiladagi ma’naviy muhit bolalarning kelajagiga bevosita ta’sir qiladi. Shuning uchun har bir ota-ona farzandining sog‘lom va bilimli bo‘lishi uchun mas’uliyatni anglab yashashi lozim.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sirdaryoda bugungi kungacha 4597 xotin-qizga tibbiy maslahatlar berilgan va ularning aksariyati sog‘lom turmush tarziga qaytarilgan. Shuningdek, 1531 dan ortiq sport musobaqasida 44 ming 940 nafar xotin-qiz ishtirok etgan, oilaviy sportni rivojlantirish maqsadida 11 ta jamoada 110 dan ortiq ayol va farzandlar ishtirokida festival tashkil qilingan.


Ishtirokchilar ta’kidlaganidek, sog‘lom avlod tarbiyasi avvalo mas’uliyatli ota-onalikdan boshlanadi va bu jamiyatning ma’naviy yuksalishi hamda barqaror taraqqiyotini ta’minlaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri