So‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimida katta yutuqlarga erishilmoqda. Bunda xorijiy yetakchi klinikalar bilan hamkorlikni takomillashtirish borasidagi rejalar o‘z samarasini bermoqda.
Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali direktori M.Rajabov taklifiga muvofiq, Rossiya Federatsiyasi Moskva shahridagi N.N.Priorov nomidagi travmatologiya va ortopediya ilmiy tekshirish instituti professori Akshin Bagirov Buxoroga tashrif buyurdi.

Professor A.Bagirov ishtirokida travmatolog mutaxassislar bilan 70 dan ziyod bemorlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Filial mutaxassislari bilan “Mahorat darsi” doirasida operatsiya jarayonlari amaliyoti olib borilmoqda.

Shuningdek, professor A.Bagirov filialda travmatologiya yo‘nalishida ilmiy izlanish olib borayotgan yosh olim-mutaxassislar bilan suhbat o‘tkazdi. Ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Travmatolog mutaxassislar o‘rtasida kam invaziv yuqori texnologiyali travmatologik va ortopedik operatsiyalarni joriy qilish xususida ma’ruzalar o‘qidi. Shu bilan bir qatorda tayanch-harakatlanish kasalliklari asorati natijasida kelib chiqayotgan holatlarni oldini olish, diagnostika qilishda zamonaviy MSKT va MRT tekshiruvidan samarali foydalanish hamda kasalliklarni yuqori texnologik usulda davolash haqida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri