Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sog‘liqni saqlash vazirining axboroti eshitildi
21:25 / 2025-12-23

Qonunchilik palatasi majlisida sog‘liqni saqlash vaziri A.Xudoyorovning “Sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha qabul qilingan rivojlantirish dasturlarida belgilangan vazifalarning ijrosi to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Vazir qayd etib o‘tganidek, sog‘liqni saqlash sohasida tibbiy profilaktika, onalik va bolalikni muhofaza qilish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamni rivojlantirish, ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam, davlat tibbiy sug‘urtasi, raqamlashtirish va kadrlar siyosati yo‘nalishlarida qator ishlar amalga oshirilmoqda.  

Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq, 15 ta tuman va shaharda sog‘liqni saqlash tizimining xalqaro tajribaga asoslangan yangi modeli joriy etildi.  

Davlat byudjeti hisobidan davolanadigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanib, orfan kasalliklarda dori vositalari bilan ta’minlash tartibi ishlab chiqildi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida aholini profilaktik ko‘riklardan o‘tkazish kengaytirilib, 18–40 yoshli 12 milliondan ziyod fuqaro profilaktikadan, 40 yoshdan katta 7 million nafar aholi yurak-qon tomir kasalliklari va qandli diabet, 800 mingdan ortig‘i sil kasalligi bo‘yicha skriningdan o‘tkazildi.  

Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida 70 mingdan ortiq bemorlar ko‘rikdan o‘tkazilib, 17 mingdan ziyod jarrohlik amaliyotlari bajarilgan. Tibbiyot muassasalari amaliyotiga 242 turdagi yangi diagnostika va davolash usullari joriy etilib, markaz filiallari amaliyotiga 7 ta yangi diagnostika va 10 ta davolash usuli tatbiq etildi.

Shu yil tez tibbiy yordam xizmati tomonidan 7 milliondan ziyod chaqiriqlar ijrosi ta’minlangan. 1 000 ta zamonaviy avtomashina hisobiga tez tibbiy yordam avtoparki yangilangan. Tez tibbiy yordamdagi brigadalar soni 1 ming 648 tadan 2 ming 865 taga yetkazilgani, dori-darmon uchun ajratilgan mablag‘lar 16 karraga oshgani natijasida chaqiruvlarga yetib borish vaqti 3 barobarga qisqargan.  

Shuningdek, nogironlikni belgilashning yangi tizimi joriy etilib, unga muvofiq nogironlik belgilash uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasiga faqat oilaviy shifokorlar tomonidan yo‘llash tizimidan foydalanilmoqda.

— Onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida qator ishlar olib borildi. Jumladan, 8,4 million tug‘ish yoshidagi ayollar 13,7 million 18 yoshgacha bo‘lgan bola profilaktik ko‘rikdan o‘tkazildi. 840 ming bola onkogemotologik kasalliklar bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazildi.  

Birinchi marta 150 million dollar miqdoridagi mablag‘ hisobidan 230 ta tug‘uruq kompleksi to‘liq kerakli asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Bu juda katta natija. Onalar o‘limi 1,5 barobarga, go‘daklar o‘limi ham 1,5 barobarga kamaydi. Ammo ayrim hududlarda yuqoriligicha qolmoqda, — dedi vazir.  

Muhtarama Komilova, O‘zA