Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sog‘liqni saqlash vaziri sohadagi ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi
12:36 / 2024-08-14

Sog‘liqni saqlash vazirligida sohadagi ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish avvalida tibbiyot yo‘nalishida davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli sarflanishi bo‘yicha qilinayotgan ishlar va ularning natijalari atroflicha tahlil qilindi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasi uchun ajratilgan mablag‘larning to‘g‘ri ishlatilishi muntazam o‘rganib borilmoqda. Buning uchun vazirlik qoshida «Situatsion markaz» tashkil etilib, xarajatlarni monitoring qilib borish yo‘lga qo‘yilgan. Natijada tizimdagi noqonuniy xarajatlarning barvaqt oldini olish imkoni yaratildi.  

Xususan, tibbiyot tashkilotlarining moliyaviy hujjatlarini profilaktik o‘rganish orqali hali smeta tuzish jarayonining o‘zidayoq, ortiqcha rejalashtirilgan yoki maqsadsiz va samarasiz xarajatlar bartaraf etilmoqda.  

Misol uchun, joriy yil mart oyidan boshlab tizim tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 2 ming 99 ta shtat birliklari hamda boshqa to‘lovlarning noto‘g‘ri rejalashtirilganligi aniqlanib, mablag‘larning noqonuniy sarflanishining oldi olindi.  

Yig‘ilishda davlat xaridlari bo‘yicha kamchiliklar, tibbiyot muassasalarida tibbiy jihozlardan maqsadli foydalanish, shifoxonalarda imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarning bazaviy narxlarini ishlab chiqish kabi masalalar tahlil qilinib, tizimda moliyaviy nazorat samaradorligini yanada oshirish yuzasidan muhim vazifalar belgilandi.  

Kun tartibidagi navbatdagi masala – Sog‘liqni saqlash vaziri v.b. A.Xudaoyorovning joriy yil birinchi yarim yilligida hududlarga tashriflari chog‘ida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosiga bag‘ishlandi.  

Jumladan, vazir Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Namangan, Jizzax, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi qator tumanlarda bo‘lib o‘tgan o‘rganishlar davomida tibbiy xatlovni o‘tkazish, profilaktik ko‘rik va skrining tadbirlarini maqsadli tashkil etish, olis va chekka hududlarda tibbiy xizmat sifatini oshirish, surunkali kasallik aniqlangan bemorlarni individual sog‘lomlashtirish, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish, aholining ehtiyojmand qatlamiga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatishni mahallabay yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hududlardagi mas’ullarga bir qancha vazifalar bergan edi.  

Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, tadbirda ana shu topshiriqlarning ijrosi yuzasidan joylardagi rahbarlarning axboroti tinglanib, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullar jiddiy ogohlantirildi.  

Shuningdek, yig‘ilishda tibbiyotni aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining 208 ta tuman (shahar) hokimlari bilan video-konferensaloqa orqali bo‘lib o‘tadigan muloqotga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.  

Xususan, barcha tuman tibbiyot birlashmalariga o‘zining mavjud muammolaridan kelib chiqqan holda chora-tadbir rejasini tayyorlash vazifasi berilgan bo‘lsada, bu masalada ayrim mas’ullar kamchilikka yo‘l qo‘yayotgani jiddiy tanqid ostiga olindi.  

Shundan kelib chiqib, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan tuman tibbiyot birlashmalari rahbarlariga qat’iy intizomiy jazo choralarini qo‘llash belgilandi.  

M.Qosimova, O‘zA