Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sog‘liqni saqlash vaziri: “Eng chekka qishloqlarda yashovchi odamlar ham sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olinishi shart”
16:16 / 2022-01-23

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Bekzod Musayev Andijon viloyatidagi tibbiy muassasalar faoliyati bilan tanishdi, tibbiyot xodimlari bilan muloqot o‘tkazdi.

Dastlab vazir Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyat filiali faoliyati, shuningdek, Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasida olib borilayotgan qurilish-rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi. 

 Andijon shahrida yaqinda foydalanishga topshirilgan 8-oilaviy poliklinikada aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida olib borilayotgan ishlar hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialining yangi foydalanishga topshirilgan “ Qo‘shma shikastlanishlar” bo‘limi hamda qabulxonsidagi tibbiy xizmat ko‘rsatilishi jarayonlarini kuzatdi. 

– Eng chekka qishloqlarda yashovchi odamlar ham sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olinishi shart, – dedi Sog‘liqni saqlash vaziri B. Musayev. – Mamlakatimiz rahbarining sog‘liqni saqlash tizimi oldiga qo‘yayotgan talabi shunday. Buning uchun esa oldimizda amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan juda ko‘p ishlar turibdi, qolaversa, sohada hali ko‘p islohotlarga ehtiyoj bor.

Sog‘liqni saqlash vaziri Bekzod Musayev va Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirokida Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida tibbiyot xodimlari bilan o‘tkazilgan muloqotda viloyatda aholi salomatligini muhofaza qilish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va saviyasini yuksaltirish, umuman, viloyatda tibbiyotni rivojlantirish xususida atroflicha fikr almashildi. 

Muloqot davomida murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, aholi murojaatlari bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirish, ish o‘rinlari, mehnat sharoiti, kadrlar malakasi, tibbiy uskuna va jihozlar ta’minoti, tibbiy ko‘riklarni tashkil etish kabi masalalar yuzasidan murojaatlarni tezkor hal etish yuzasidan tizim mutasaddilariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini takomillashtirish, joylarda yangi oilaviy poliklinika va oilaviy shifokor punktlarini tashkil etish, mavjud tibbiyot muassasalarini ta’mirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ko‘zda tutilganligi alohida qayd etildi. 

Andijon viloyatida aholiga yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, xususiy tibbiyot muassasalari sonini ko‘paytirish hamda qator tumanlarda perinatal hamda o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilishi maqsad qilinganligi ta’kidlandi. 

 Muloqot davomida ishtirokchilar tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlarni samarali tashkil etish, sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. 

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA