English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi islohotlar deputatlar ishtirokida amalga oshiriladi
16:35 / 2021-01-19

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatidagi dolzarb masalalarni belgilab olishda muhim hujjat bo‘lib qolmoqda.

Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, siyosiy partiyalar fraksiyalari, mas’ul qo‘mitalar hokimiyat vakillik organlari, keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda rejalarni shakllantirib, kelajakda bajariladigan ishlarni aniqlab olmoqdalar.

Bunda ikkita asosiy yo‘nalishga – fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash tizimini rivojlantirish hamda zamonaviy, samarador ta’lim tizimini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlari bilan barcha fuqarolarni qamrab olish borasida belgilab berilgan vazifalarning bajarilishi jamiyatning va har bir insonning uyg‘un holda rivojlanishi, haqiqiy milliy uyg‘onishni amalga oshirish uchun poydevor bo‘ladi.  

Tibbiyot va ta’lim sohalarini rivojlantirishga doir kompleks vazifalarni bajarish maqsadida Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ikkita yangi Parlament komissiyasi tashkil etildi.  

Ularning tarkibiga barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari kiritildi. Bunda saylovoldi dasturlaridan kelib chiqib, komissiyalar rahbariyati belgilandi. Xususan, tibbiyot sohasidagi islohotlar samaradorligi uchun mas’ul bo‘lgan komissiyaga Xalq demokratik partiyasi, Ekologik partiya fraksiyalari, ta’lim sohasi bo‘yicha faoliyat yuritadigan komissiyaga esa “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyalari mas’ul bo‘ldi.

Parlament komissiyalarining birinchi qo‘shma majlisida kelgusi ish rejalari, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasidagi eng dolzarb vazifalarni amalga oshirishda deputatlar korpusining ishtirok etish shakllari va doirasi amaliy tarzda muhokama qilindi.

Qayd etildiki, amalga oshiriladigan barcha ishlar byurokratik sansalorliklardan xoli va mamlakat fuqarolari uchun amaliy natijalarga erishishga asoslangan bo‘lishi kerak. Parlament komissiyalari ta’sirchan parlament nazoratini, shu jumladan, byudjet majburiyatlarining bajarilishi monitoringini amalga oshirish uchun qonunlarda nazarda tutilgan barcha imkoniyatlardan foydalanadi.  

Parlament a’zolari jamiyat uchun imkoni boricha ochiq rejimda ishlash, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining barcha shikoyat va takliflariga tezkorlik bilan javob berish maqsadida ekanliklarini bildirdilar. Muntazam ravishda uyma-uy yurib, mahallalar aholisi bilan suhbatlar o‘tkazish, elektron murojaatlarni qabul qilish uchun maxsus axborot resurslarini yaratish ishlari amalga oshirilishini ta’kidladilar.

Majlisda tashkil etilgan parlament komissiyalari, shuningdek, ayrim hukumat a’zolari faoliyati samaradorligini parlament majlislarida tizimli ravishda eshitib borishga kelishib olindi.  

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA