Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutaxassislari Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida sog‘liqni saqlash va reabilitatsiya sohasiga ixtisoslashgan zamonaviy ta’lim maskani — University of Health and Rehabilitation Sciences (UHRS) faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari universitetda yaratilgan ilg‘or ta’lim muhiti, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari hamda amaliy mashg‘ulotlar uchun mo‘ljallangan infratuzilmani atroflicha o‘rgandi. UHRSda ta’lim, fan va innovatsiya uyg‘unligi asosida shakllangan zamonaviy yondashuvlar alohida e’tiborga loyiq.

UHRS — sog‘liqni saqlash va reabilitatsiya yo‘nalishida ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan yangi avlod tadqiqot universiteti hisoblanadi. Universitetni tashkil etish tashabbusi 2015 yilda Xitoy Nogironlar federatsiyasi tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, 2024 yil may oyidan rasman o‘z faoliyatini boshlagan.

Uchrashuvlar davomida Agentlik delegatsiyasi universitetda kadrlar tayyorlash tizimi, reabilitatsiya sohasidagi ustuvor ta’lim dasturlari, shuningdek, fan, ta’lim va sanoat integratsiyasiga asoslangan samarali mexanizmlar bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif yakunida Agentlik va UHRS o‘rtasida mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, reabilitatsiya terapiyasi, tibbiyot, biotibbiyot muhandisligi, shuningdek, ijtimoiy va ta’limiy reabilitatsiya yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Mazkur hamkorlik kelgusida soha uchun zamonaviy bilim va ilg‘or tajribalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA