Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy etiladi – aholiga oilaviy shifokorni erkin tanlash huquqi beriladi
11:26 / 2025-05-22

“Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Shu yilning 19 mayida qabul qilingan mazkur hujjatda aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi tizimini joriy etishning asosiy maqsadlari belgilandi.  

Unga ko‘ra, xalqaro tajribaga asoslangan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modeli joriy qilinadi.  

Aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishda oilaviy shifokor ulushi 70 foizga yetkaziladi.  

Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda tibbiyotda qog‘ozbozlikni kamaytirish orqali tibbiyot xodimlari ish yuklamasi 30 foizgacha kamaytiriladi.  

2025 yil 1 iyuldan mazkur farmonda belgilangan tuman (shahar)larda, 2026 yil 1 yanvardan Samarqand viloyatining barcha tuman (shahar)larida tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilinadi.  

Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari negizida tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi.  

Shuningdek, farmonga ko‘ra, tajriba-sinov loyihasi doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari, shu jumladan, ularga filial sifatida biriktirilgan muassasalar hamda mahalla tibbiyot punktlari biriktirilgan aholi sonidan kelib chiqib, yuridik maqomga ega oilaviy poliklinikalarga hamda ularning filiallariga aylantiriladi. Oilaviy poliklinikalarda aholiga tibbiy yordam ko‘rsatuvchi oilaviy shifokor, pediatr, akusher-ginekolog va tashxislash xizmatlarini ko‘rsatuvchi mutaxassislar, shuningdek, autsorsing asosida stomatologiya xizmati yo‘lga qo‘yiladi.  

Aholiga oilaviy shifokorni erkin tanlash huquqi beriladi. Shuningdek, tibbiyot brigadasiga 3 ming nafar, zarur hollarda, belgilangan me’yorlarga qo‘shimcha aholi biriktirilishi mumkin. Bunda 2030 yilga qadar 1 tibbiyot brigadasiga ko‘pi bilan 1,7 ming nafar aholi biriktirilishi strategik maqsad etib belgilanadi.  

Oilaviy poliklinikalarda tibbiyot xodimlari faqat to‘liq stavkada faoliyat yuritadi. Oilaviy poliklinikadan 10 kilometrdan uzoq masofada joylashgan mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi aholi uchun tibbiyot xodimlarining sayyor tibbiy xizmati yo‘lga qo‘yiladi.  

Farmonga ko‘ra, tajriba-sinov loyihasi doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlari bazaviy tarif stavkalariga quyidagi miqdorlarda qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi:  

– sayyor tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot xodimlariga oylik lavozim maoshi yoki bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida;  

– tibbiyot brigadasiga belgilangan me’yorlardan 10 foiz ortiqcha qo‘shimcha biriktirilgan aholining har biri uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 0,3 foizi miqdorida – shaharlarda, 0,5 foizi miqdorida – tumanlarda;  

– oila salomatligi bo‘yicha maxsus o‘quv dasturi asosida tashkil etiladigan kurslarning barcha bosqichlarini muvaffaqiyatli tugatgan tibbiyot xodimlari uchun sertifikatga muvofiq bazaviy tarif stavkasining 100 foizi miqdorida.  

Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida shifokorlarning oylik lavozim maoshlari – 20 foiz, o‘rta tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari – 10 foiz miqdorida oshiriladi.  

Tajriba-sinov loyihasi doirasida oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) markaziy shifoxonalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) asosida oylik lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama joriy etiladi.  

Shuningdek, tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari va tibbiyot muassasalarida:  

– rahbarlar uchun tibbiyotni boshqarish (menejerlik) bo‘yicha o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yiladi;  

– o‘quv dasturi yakuni bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan rahbarlarga oylik lavozim maoshining 100 foizi, rahbar o‘rinbosariga – 80 foizi hamda bosh hamshiraga – 50 foizi miqdorida ustama to‘lanadi;  

– rahbar xodimlar uchun faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) belgilanadi hamda oylik lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama joriy etiladi;  

– 1 yil davomida faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlarida (KPI) ijobiy (56 foizdan yuqori) natijalarga erishmagan rahbar xodimlar lavozimidan ozod qilinadi.  

Tajriba-sinov loyihasi doirasida hududiy darajadagi tibbiyot muassasalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga muvofiq tashkiliy, boshqaruv va moliyaviy jihatdan birlashtirilib ko‘p tarmoqli shifoxonalarga aylantiriladi.  

O‘zA