French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
08:59 / 2023-05-02

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Sog‘liqni saqlash tizimiga ilg‘or raqamli texnologiyalarni tatbiq etish, raqamli sog‘liqni saqlash platformasini yaratish, sohaning barcha darajalaridagi davolash profilaktika muassasalari uchun ma’lumotlar bazasi kompleksini joriy etish, dasturiy ta’minot va elektron platformani ishlab chiqish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi va “KfW” banki o‘rtasida “Raqamli sog‘liqni saqlash islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasini (keyingi o‘rinlarda – loyiha) moliyalashtirish uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 12 yil muddatga 45 million yevro miqdorida qarz bitimi hamda 5,5 million yevro miqdorida grant bitimi imzolanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar:

“Raqamli sog‘liqni saqlash islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasining texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;

“Raqamli sog‘liqni saqlash islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish doirasida “KfW” bankining qarz mablag‘larini qaytarish, shu jumladan, qo‘shimcha haq va foizlar to‘lashning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq;

“Raqamli sog‘liqni saqlash islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;

2023–2025 yillarda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilansinki:

a) Sog‘liqni saqlash vazirligi:

loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish, shuningdek, “KfW” bankining qarz hamda grant mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish bo‘yicha mas’ul ijro etuvchi organ;

loyihani amalga oshirish doirasida tender komissiyasining ishchi organi va tuzilgan shartnomalar bo‘yicha kontragent hisoblanadi;

b) “KfW” bankining qarz mablag‘larini qaytarish, shu jumladan, qo‘shimcha haq va foizlar, boshqa to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi;

v) loyihani amalga oshirish doirasida xarid qilinadigan va olib kiriladigan tovarlar (xizmatlar) uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi. Bunda, soliq va bojxona imtiyozlari qo‘llanishi yoki byudjet mablag‘lari hisobidan to‘lab berilishi natijasida iqtisod qilingan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishga qo‘shgan ulushi sifatida hisobga olinadi.

4. Loyihani o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish uchun Raqamli sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish loyiha ofisi tashkil etilsin hamda ushbu loyiha ofisi faoliyati loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida belgilangan tartibda jalb qilinayotgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilishi ta’minlansin.

Bunda, Sog‘liqni saqlash vazirligi Raqamli sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish loyiha ofisining faoliyatini muvofiqlashtirib borsin.

5. Adliya vazirligi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi hamda “KfW” banki o‘rtasida imzolangan qarz va grant bitimlari bo‘yicha yuridik xulosa bersin.

6. Belgilab qo‘yilsinki:

loyiha doirasida joriy etilayotgan axborot tizimlaridan foydalanish bo‘yicha litsenziyalar uchun to‘lovlar ularni joriy etish xarajatlari tarkibiga kiritiladi hamda mazkur litsenziyalar axborot tizimi amaliyotga to‘liq joriy etilgandan so‘ng kamida 5 yil mobaynida amal qiladi;

loyihani amalga oshirish jarayonida iqtisod qilingan mablag‘lar ustuvor ravishda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini raqamlashtirish hamda kompyuter texnikasi vositalarini xarid qilishga yo‘naltiriladi;

loyiha doirasida ishlab chiqiladigan axborot tizimlarini amaliyotga tatbiq etish uchun qabul qilib olish Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

davlat tibbiyot tashkilotlari uchun zarur axborot dasturlari va tizimlarini ishlab chiqish, o‘rnatish hamda texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjetidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplab beriladi.

7. Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhi 5-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

Ishchi guruhi (A. Inoyatov)ga quyidagi vazifalar yuklatilsin:

sog‘liqni saqlash tizimi va tashkilotlaridagi jarayonlarni raqamlashtirish, shuningdek, ularning boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta’minlash;

2023–2025 yillarda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda loyihani amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”da belgilangan topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish;

loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarida belgilangan maqsadlarga erishilishini nazorat qilish;

mazkur qarorda belgilangan topshiriqlarning samarali va o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlash hamda amalga oshirilayotgan ishlar natijasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga har chorakda ma’lumot kiritib borish.

8. Raqamli texnologiyalar vazirligi loyiha doirasida joriy etiladigan axborot tizimlari natijadorligining baholab borilishini hamda biznes jarayonlarini amalga oshirishning zamonaviy usullari joriy etilishini ta’minlasin.

9. Hisob palatasi loyiha doirasida jalb etiladigan hamda ajratiladigan mablag‘lardan samarali foydalanilishi, shuningdek, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida ko‘zda tutilgan ko‘rsatkichlarga erishilishi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

10. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.Sh. Inoyatov va raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                        Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2023 yil 1 may