Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiyaviy holatlarga qarshi keskin choralar ko‘rilmoqda
16:35 / 2025-08-21

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 21 apreldagi “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlab, uning oldini olish, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, maishiy korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha faoliyat olib boradi. 

Shu bilan birga, davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi. Mehnat jamoasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va odob-axloq qoidalariga rioya qilish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib boradi. 

Qarorda Sog‘liqni saqlash, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi vazirliklari, «O‘zbekneftgaz», «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyatlari eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlar etib belgilandi.

Mazkur tashkilotlar korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbari lavozimiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari tayinlandi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi tizimda korrupsiyaviy xatti-harakatlarni aniqlash va bartaraf  etishga qaratilgan tadbirlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda. 

Misol uchun, fuqaro G.M. telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali  Toshkent shahridagi tuman tibbiyot birlashmalarida ishlayotgan «ishonchli» tanishlari yordamida poytaxtdagi har qanday  shifoxonaga 1,5 - 2 million so‘m evaziga davolanish uchun imtiyozli yo‘llanma (order) tayyorlab berishini muntazam e’lon qilib kelgan.

Holat bo‘yicha vazirlikning Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida nazorat tadbiri o‘tkazilib, ushbu fuqaro, uning sheriklari va bir necha tibbiyot xodimi qo‘lga olindi.

O‘rganish jarayonida fuqaro M.Q.ning yonida davolanish uchun  beriladigan orderlar borligi aniqlangan.

Hozirgi paytda mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish hamda dastlabki tergov harakatlari olib borish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. 

N.Abduraimova, O‘zA