Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov rahbarligida vazirlikning navbatdan tashqari Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tanqidiy ruhda kechgan majlisda tizimdagi qator yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar chuqur tahlil etildi.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish, bu orqali fuqarolarning tibbiyot tizimidan roziligini ta’minlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.
Biroq shunga qaramay, tizimda yechimini kutayotgan masalalar, hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar yo‘q emas.
Xususan, sohada byurokratik to‘siqlar, afsuski, hali ham uchrab turibdi. Ayniqsa, aholini sifatli dori-darmon vositalari, tibbiy buyum va jihozlar bilan ta’minlash, tizimda ijro intizomini nazorat qilish borasida qator muammolar mavjud.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida xalqaro investitsiyalar jalb qilinishini muvofiqlashtirish, bolalar tibbiyotida ilg‘or davolash usullarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ishlar ham yetarli darajada tashkil qilinmayapti.
Bu esa sog‘liqni saqlash sohasi boshqaruv tizimida hanuz zamon talablariga mos, yangicha fikrlovchi, tashabbuskor, muammoli masalalar yechimiga professional va kreativ yondashadigan kadrlar yetishmasligini ko‘rsatmoqda.
Shundan kelib chiqib, berilgan topshiriq va vazifalar hamda qo‘yilgan talablarni o‘z vaqtida bajarmagani sababli “O‘zmedimpeks” MCHJ direktori A.Nabiyev, Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi A.Sharipov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Shuningdek, o‘z yo‘nalishida yetarli natija ko‘rsata olmagani bois vazirlikning Dori vositalari va tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i X.Ganiyeva hamda yana bir qator mas’ullar ham ishdan olingani ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda vazir A.Inoyatov tibbiyot tizimidagi har bir rahbar o‘z vazifasiga vijdonan yondashishi kerakligini alohida ta’kidlab, bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda soha oldida turgan dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tdi.
O‘zA