Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sog‘liqni saqlash tizimida majburiy mehnatni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar qoniqarlimi?
17:59 / 2021-03-19

Sir emas, bundan bir necha yillar avval ijtimoiy soha vakillari, xususan, tibbiyot xodimlarini turli xil ko‘rinishdagi majburiy mehnatga, jamoat ishlariga jalb etilishi oddiy hol edi.

Xo‘sh, bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida majburiy mehnatni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar qoniqarlimi, mazkur tizimga taalluqli barcha bo‘g‘indagi rahbarlar mas’uliyatni his etib, ish olib bormoqdami?

Ushbu savollarga holis javob topish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha parlament komissiyasining rejasiga asosan quyi palataning Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan joriy yil fevral oyida tibbiyot xodimlarining xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan barcha turdagi ishlarga jalb qilinishi holatlari Farg‘ona va Andijon viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi.

Joriy yilning 19 mart kuni mazkur o‘rganish yakunlari Qonunchilik palatasi deputatlari, qo‘mita huzuridagi ekspert guruhi a’zolari, Farg‘ona va Andijon viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari, ijro hokimiyati vakillari, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi vakillari ishtirokida qo‘mitaning videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, Andijon va Farg‘ona viloyatlari bandlik bosh boshqarmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining joylardagi ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilgan.

Jumladan, 2020 yil davomida Farg‘ona viloyatida majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha barcha shahar va tumanlarda jami 68 ta banner o‘rnatilib, aholining huquqiy ongini oshirish maqsadida 10 mingta flayer hamda 2 ming 200 ta uslubiy qo‘llanma tarqatilgan. Andijon viloyati bandlik bosh boshqarmasi tomonidan hududlarda 554 ta huquqiy targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borilgan bo‘lib, ularda jami 13 ming 218 nafar fuqaroning ishtiroki ta’minlangan.

Farg‘ona va Andijon viloyatlarida Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish komissiyasi tomonidan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda davlat idoralari rahbarlari, fermer xo‘jaliklari, paxta to‘qimachilik klasterlari rahbarlari va ish beruvchilarni jalb qilgan holda vebinar shaklida o‘quv seminarlari o‘tkazilgan.

2020 yilda Farg‘ona viloyatida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 6 ta korxona, tashkilot va mahalliy hokimlikning 7 nafar rahbari hamda mas’ullariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalari bilan ma’muriy jarima jazolari qo‘llanilgan.

Andijon viloyati bandlik bosh boshqarmasi tomonidan 2020 yil davomida joylarda 320 ta monitoring tadbirlari o‘tkazilgan. Ushbu tadbirlar davomida 19 ta salbiy, shundan 5 tasida mehnatga ma’muriy tarzda majburlash holatlari aniqlangan. Monitoring tadbirlari davomida 57 ta holatda bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar kiritilgan.

Deputatlar qayd etganidek, o‘rganilgan har ikki viloyatdagi tibbiyot muassasalarida xodimlarni majburiy mehnatga jalb etish holatlari yaqqol kuzatilmagan bo‘lsada, anonim o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ayrim muammolar mavjud ekanligi aniqlandi. Xususan, pandemiya davrida qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda to‘lovsiz tungi navbatchilik ishlariga jalb etish, kichik tibbiyot xodimlari muassasasiga tegishli hududda xizmat vazifasidan tashqari obodonlashtirish ishlariga jalb etilishi, tibbiyot xodimlarini sohaga oid gazeta va jurnallarga majburiy obuna qilish holatlari kuzatilgan.

Tadbirda mazkur holatlar bo‘yicha viloyat sog‘liqni saqlash boshqarma boshliqlari va tegishli mutasaddilarning axborotlari eshitildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA