French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sog‘liqni saqlash strategiyasi ishlab chiqiladi
19:30 / 2022-03-27

Bosh qomusimiz bo‘lgan Konstitutsiyamizda inson salomatligini asrash, unga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish alohida modda bilan kafolatlangan.

Buni mustaqillik yillarida sohani isloh qilish maqsadida qabul qilingan qonun, farmon, qaror va me’yoriy-huquqiy hujjatlarda ham ko‘rish mumkin. Ammo o‘tgan vaqt davomida to‘plangan tajriba va bugungi dunyo tibbiyoti sohasi rivojidagi yutuqlar hamda butun dunyo uchun sinovli bo‘lgan pandemiya mamlakatimiz tibbiyot sohasini yuksak bosqichga olib chiqishga qaratilgan chora-tadbirlarni amaliyotga tatbiq etish lozimligini ko‘rsatib berdi.

Shu bois, 2021 yilning kuzidan 2022 yilning 18 mart sanasiga qadar sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan alohida ishchi guruhi va «Call markaz» tashkil etilib, o‘tgan vaqt davomida shifokorlar, hamshiralar, soha olimlari, keng jamoatchilik vakillari hamda yurtdoshlarimiz tomonidan soha rivojiga qaratilgan 25 mingdan ziyod murojaat va takliflar bildirildi.

18 mart kuni esa mamlakatimiz tarixida ilk bor Davlatimiz rahbari ushbu bildirilgan taklif va murojaatlar yechimiga qaratilgan tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Ushbu uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan 35 milliondan ortiq aholimiz salomatligini asrash, ularga o‘z vaqtida malakaliy tibbiy xizmat ko‘rsatish borasidagi ishlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan 7 ta ustuvor yo‘nalish belgilab berildi.

Endilikda, ushbu vazifalarning sohaga tatbiq etilishi natijasida birlamchi tibbiy xizmatlar aholiga yaqinlashtirilib, ularning tarmog‘i kengaytiriladi. Ya’ni fuqarolarga tez, qulay va sifatli tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Buning natijasida 85 foiz muammolarni birlamchi tibbiyot muassasalarida hal qiladigan tizim yaratiladi.

Jumladan, 2022 yilda 136 ta va 2023 yilda yana 140 ta yangi poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 2023 yildan boshlab esa, joylardagi poliklinika filiallari negizida 1 100 ta oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi. 2 mingdan ziyod olis va chekka mahallalarda tibbiyot punktlari tashkil etiladi. Ular orqali olis va chekka hududlardagi 4 million nafar aholiga sifatli birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Albatta, bu raqamlar ortida mamlakatimiz rahbari boshchiligida ilgari surilayotgan inson qadrini yuksaltirishdek ulkan maqsadni har bir fuqaro hayotida ta’minlashdek ezgu maqsad yotibdi.

Shu bilan birga, «Qishloq shifokori» dasturi yanada takomillashtirilib, 2022 yil 1 maydan boshlab olis va chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning oylik ish haqiga 2 million so‘mdan qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Ushbu shifokorlarga ipoteka asosida uy-joy sotib olish xarajatining 50 foizgacha qismi mahalliy byudjetlardan qoplab beriladi.

Shuningdek, barcha tibbiyot xodimlari uchun dastlabki va davriy kasbiy tibbiy ko‘rik bepul o‘tkaziladi. Qon bilan bevosita ishlayotgan tibbiyot xodimlari gepatit «B» kasalligiga qarshi bepul emlanadi. Har yili ming nafar bemor shifokorlar, ayniqsa, sohada bir umr mehnat qilgan faxriylarga yuqori texnologik operatsiyalar davlat hisobidan bepul o‘tkaziladi. Bu kabi soha xodimlarini ham moddiy, ham ijtimoiy tibbiy rag‘batlantirilishi fidokor soha xodimlarining o‘z kasbiga bo‘lgan mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Uchrashuvda aholimizni qiynab kelayotgan yana bir muammoning yechimiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bizga ma’lumki, ayni vaqtga qadar oilaviy shifokor punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda statsionar tibbiy xizmatlar kunduzi soat 13:00 ga qadar ko‘rsatib kelinmoqda. Bu esa, ish va ro‘zg‘or tashvishi bilan band bo‘lgan ko‘pchilikda shu kunning o‘zida tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati cheklanishiga sabab bo‘ladi. Ushbu muammoni ijobiy hal etish maqsadida oilaviy shifokor punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 gacha uzaytirilishi ma’lum qilindi. Ularda ishlaydigan shifokor va hamshiralar ish haqiga qo‘shimcha ustama to‘lanadigan bo‘ldi.

bugungi kunda yana bir og‘riqli muammo, bu - yangi tug‘ilayotgan bolalar orasida nogironlik holatining ortib borishi bilan bog‘liq holatdir. Endilikda Respublika ixtisoslashgan pediatriya markazida genetik laboratoriya hamda uning 13 ta hududiy bo‘limlari tashkil etiladi. Ushbu laboratoriya bolalar orasida nogironlikka olib keluvchi, shu jumladan, kam uchraydigan (orfan) kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha genetik tekshiruvlar o‘tkazadigan, zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanadi. Buning uchun 15 million dollar jalb qilinadi. Albatta, bu tashabbus ham minglab oilalarni quvontirishi shubhasiz.

Uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslardan yana biri, bu mamlakatimizda eng zarur bo‘lgan dori-darmon vositalari narxini kamida 30 foizga arzonlashtirish tashabbusidir. Buning uchun kelgusi besh yilda dori-darmon va tibbiyot vositalari ishlab chiqarish hajmi 3 baravarga oshirilib, mahalliy dori vositalari bilan ta’minlash darajasi 80 foizga yetkaziladi.

Albatta, bularning barchasi bemorlarni o‘z vaqtida va sifatli davolash imkonini beradi. Ammo, xalqimizda kasalni davolashdan ko‘ra uning oldini olgan ma’qul degan naql bor. Shu bois sog‘liqni saqlash tizimi asosan kasalliklarni davolashga emas, eng avvalo, ularning oldini olishga qaratilgan bo‘lishi maqsadga muvofiq sanaladi.

Shuning uchun uchrashuvda kasallikni barvaqt aniqlash va uni dastlabki bosqichida bartaraf etishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar ham belgilab berildi. Eng muhimi, ushbu tashabbuslarni to‘laqonli va o‘z vaqtida samarali sohaga tatbiq etishga uchun Jahon banki ekspertlari bilan birga, 2022 yil 1 oktyabrga qadar 7 ta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga olgan Sog‘liqni saqlash strategiyasi ishlab chiqilishi belgilandi.

Muzafara Abdiyeva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati