Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi.
Unda fraksiya a’zolari, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi rahbariyati, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Kun tartibidagi masala yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri M.Qurbonovning hisoboti tinglandi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Orolbo‘yida xususiy tibbiyot muassasalari soni o‘smoqda. Xususan, 2020-yilda 235 ta bo‘lgan xususiy klinika soni 2025-yilga kelib 378 taga yetgan. Faqat 2025-yilning o‘zida 41 ta yangi xususiy tibbiyot muassasasi ishga tushirilib, 114 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ayni paytda 42 ta statsionar (1 ming 20 o‘rinli) va 336 ta ambulator xizmat ko‘rsatuvchi klinika aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.
Xususiy sektor tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash borasida ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Ramazon oyi munosabati bilan an’anaviy tarzda bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etilmoqda. 2025-yilda 880 nafar fuqaro bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tib davolandi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar va kam ta’minlangan oilalarga bepul diagnostika va davolash xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, xususiy tibbiyot muassasalari soliqlar bo‘yicha imtiyozlar berilishi munosabati bilan bo‘shaydigan mablag‘larning kamida 25 foizini ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirib kelmoqda. Biroq 2025-yil 1-apreldan boshlab tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari deb belgilangani ayrim muammolarni yuzaga keltirmoqda. Shu munosabat bilan fraksiya a’zolari mazkur masalani atroflicha o‘rganish va tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar ishlab chiqish zarurligini ta’kidladilar.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etildi. Natijada xususiy tibbiyot muassasalari ham Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma asosida kafolatlangan paket doirasida aholiga bepul xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
2025-yil davomida sog‘liqni saqlash sohasiga 24 million AQSH dollaridan ortiq xorijiy investitsiya va grant mablag‘i jalb etildi. Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan yuqumli kasalliklar hamda ona va bola salomatligi muassasalariga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berildi. Shuningdek, UNICEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va UNFPA bilan hamkorlikda ayrim tumanlarda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini yaxshilashga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususiy tadbirkorlar tomonidan esa 50,2 milliard so‘mlik investitsiya kiritilib, yangi tibbiyot muassasalari barpo etildi.
Jamoatchilik eshituvi davomida ishtirokchilar tomonidan sohada mavjud muammolar yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi. Bildirilgan takliflarni o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, vazir hisoboti asosida masalani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.