Sog‘liqni saqlash vazirligining navbatdagi Hay’at yig‘ilishida sohada bajarilgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Vazir Asilbek Xudoyorov 2025 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
– Davlatimiz rahbari biz, soha mas’ullari oldiga katta vazifalarni qo‘ygan, – dedi A.Xudoyorov. – Buni amalga oshirishda tizimdagi har bir rahbarning vijdoni uyg‘oq, tashabbuskor va shaxsiy mas’uliyati yuqori bo‘lishi zarur. Sohaga qaratilayotgan e’tibor hamda bizga bildirilgan yuksak ishonchni oqlash maqsadida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yanada oshirish bo‘yicha 2025 yil uchun qator reja va marralarni belgilab oldik. Endilikda tizimdagi har bir mansabdor pastga tushib, quyi bo‘g‘indagi muassasalarda bo‘lib, avvalo, hududlarning o‘zida mavjud vaziyatni chuqur o‘rganish, tahlil qilish va aniqlangan kamchiliklarni joyida hal qilish choralari ko‘riladi.
Kasalliklar profilaktikasi va ularni erta aniqlash, tibbiyot muassasalaridagi mavjud axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish va sohadagi korrupsion holatlarning oldini olish kabi qator masalalar tanqidiy tahlil qilindi.
Shuningdek, byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish, moddiy-texnik ta’minot, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, sohani raqamlashtirish, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish, onalik va bolalik muhofazasi bo‘yicha bajarilgan ishlar hamda 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan hisobotlar tinglandi.
Yig‘ilish so‘ngida pastga tushgan holda birlamchi bo‘g‘in faoliyatini yanada rivojlantirish, patronaj xizmatini xalqqa yaqinlashtirish, xavfli kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash va samarali davolash, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA