Senatda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sog‘liqni saqlash organlari faoliyati haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur hujjat bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga muhim qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonunga ko‘ra, xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan yarim yillik yakunlari bo‘yicha sog‘liqni saqlashni boshqarish hududiy organlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitishi yo‘lga qo‘yiladi.
Hisobotda sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga oid davlat dasturlarining bajarilishi, kasalliklar profilaktikasining holati, sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni shakllantirish, shuningdek, sog‘liqni saqlashning asosiy ko‘rsatkichlari qamrab olinadi.
Hisobotdan kelib chiqib, kengashlar tomonidan ularning faoliyati samaradorligiga baho beriladi.
Shuningdek, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunga ham qo‘shimcha kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, fuqarolar yig‘inlariga tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokorlik punktlari rahbarlari axborot berib boradi.
Bunda ular sog‘liqni saqlashning holati hamda fuqarolar sog‘lig‘iga ta’sir etuvchi omillar, shu jumladan, tegishli hududning sanitariya -epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni axborotga kiritishi zarur.
Yalpi majlisda ma’qullangan qonun bilan joriy etiladigan me’yorlar sog‘liqni saqlash organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga, shuningdek, tibbiy xizmat ko‘rsatishning holati to‘g‘risida aholining xabardorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA