Qish fasli yaqinlashgani sayin sog‘liqni saqlash muassasalarida tayyorgarlik ishlari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu mavsumda havo haroratining pasayishi, shamollash va virusli kasalliklar avj olishi tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni keskin oshiradi. Shu bois, har bir shifoxona, poliklinika va tez tibbiy yordam xizmati zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi.
Mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish – faqat isitish tizimlarini yangilash yoki dori-darmon zaxiralarini ko‘paytirish bilan cheklanmaydi. Bu, avvalo, aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot xodimlarining tayyorgarlik darajasini oshirish va ehtimoliy epidemik holatlarga oldindan tayyor turish demakdir. Shu yo‘sinda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar qishning sovuq kunlarida ham sog‘liqni saqlash tizimining barqaror ishlashini ta’minlaydi.
Tibbiyot muassasalaridagi isitish tizimlarining to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilishi, elektr va suv ta’minotidagi uzilishlarning oldini olish maqsadida zaxira generatorlar hamda texnik vositalarning tayyor holatga keltirilishi, shu bilan birga, shamollash va virusli kasalliklar ko‘payishi ehtimoliga qarab dori-darmon hamda tibbiy vositalar zaxirasi yangilanishi mavsumiy tayyorgarlik doirasidagi muhim ishlardandir.
Bundan tashqari, tibbiyot xodimlari uchun o‘quv-seminarlar tashkil etish, bu orqali ularning mavsumiy kasalliklarni barvaqt aniqlash, aholiga to‘g‘ri tavsiyalar berish va tezkor yordam ko‘rsatish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Sog‘liqni saqlash vaziri A.Xudoyorov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham tizimda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati va “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi vazifalar tahliliy-tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Videokonferens-aloqa shaklidagi yig‘ilishda vazirlik markaziy apparati xodimlari, ixtisoslashgan markazlar, respublika davolash muassasalari va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rahbarlari, hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari mas’ullari qatnashdi.
Qayd etilganidek, vazirlik tasarrufidagi tibbiyot muassasalarini joriy kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash maqsadida jami 44,1 ming tonna ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lib, vazifa to‘liq bajarilgan.
Yil davomida 66 ta tibbiyot muassasasini mukammal hamda 107 tasini joriy ta’mirlash reja qilingan. Mukammal ta’mirlash 97 foiz, joriy ta’mirlash esa 100 foizga yetkazilgan.

O‘rganishlar jarayonida ayrim sog‘liqni saqlash ob’ektlarida muayyan xato va kamchiliklar aniqlandi. Ba’zi oilaviy shifokor punktlarida isitish qozonlari yoki radiator hamda quvurlar o‘rnatilmagan. Tashqi isitish tizimlari izolyatsiya qilinmagan, o‘t o‘chirish vositalari nosoz holatlar ham yo‘q emas.
Shuningdek, yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor mavsumida amalga oshirilgan ishlar hamda kuzga mo‘ljallangan vazifalar ko‘rib chiqildi.
Yakunda aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etib, kuz-qish mavsumini risoladagidek o‘tkazish yuzasidan mas’ullarga qat’iy topshiriqlar berildi, deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kuz-qish mavsumida aholi immunitetini mustahkamlash eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda to‘g‘ri ovqatlanish, vitaminlarga boy mahsulotlar iste’mol qilish va tashqi muhit sharoitiga mos kiyinish tavsiya etiladi. Shuningdek, gripp va o‘xshash virusli kasalliklarga qarshi emlanish ham salomatlikni muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega.
Tibbiyot xodimlarining zimmasiga esa aholini xabardor qilish, profilaktika tadbirlarini kuchaytirish va zarurat tug‘ilganda tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish vazifasi yuklatilgan. Bu vazifalar samarali bajarilsa, qish fasli qanchalik sovuq bo‘lmasin, mavsum betalafot o‘tib, sog‘lom hayot tarzi saqlanib qoladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA