Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi" loyiha ofisi sohadagi islohotlar samaradorligini oshiradi
10:01 / 2024-01-23

Munosabat

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba hamda xalqimiz va keng jamoatchilik muhokamasi jarayonida bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy g‘oyalaridan biri bu kelgusi yetti yilda aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini tashkil etishdir.

Strategiyaning o‘nga yaqin maqsadlarida aynan aholi salomatligini ta’minlashga oid vazifalar belgilangan. Jumladan, aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish. Buning uchun 350 ming nafar diabet va 1,5 million yurak-qon tomir kasalligi bor bemorni davolash bilan to‘liq qamrab olish, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etish belgilangan.

Shuningdek, bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish, onalar va bolalar o‘limini qisqartirish, onkologik kasalliklarni erta aniqlash va o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirish kabi maqsad va vazifalar ham belginalgan. Belgilangan vazifa va yo‘nalishlarning sohaga tatbiq etilish orqali bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarni 2 barobarga, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni 20 foizga qisqartirish, 30-69 yoshdagi aholi orasida onkologik kasalliklarni profilaktik ko‘riklar va erta bosqichlarida aniqlab, 5 yillik umr davomiyligi ko‘rsatkichlarini 2 barobar oshirish, 1 yilgacha o‘lim ko‘rsatkichini 2 barobar kamaytirishga erishiladi.

Albatta, bugun qaysi soha va yo‘nalishda belgilangan vazifa va maqsadlarni olmaylik, raqamli texnologiyalarni keng joriy qilmasdan turib ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi. Shu bois, kelgusi yetti yilda tibbiyot muassasalarining ish faoliyati ham 100 foiz raqamlashtiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ham Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasida davlat muassasasi shaklida “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi faoliyatini tashkil qilish taklifi bildirildi.

Yig‘ilishda ushbu markaz faoliyatida raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Tibbiyot sohasida raqamlashtirish jarayonining keng joriy qilinishi davlat-xususiy sheriklik loyihalarining jadallashuvi, xususiy sektor faoliyati kengayishi hamda davlat xaridlari jarayonida shaffoflikning ortishiga olib keladi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, belgilangan strategiyalar natijadorligiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi yana bir muhim omil bu kadrlar salohiyati masalasidir. Yig‘ilishda “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi faoliyatiga malakali va tajribali kadrlarni jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, loyiha ofisi faoliyatiga ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislari, shuningdek, xorijiy ekspert va maslahatchilarni shartnoma asosida jalb qilish topshirildi.

Shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasining ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilib, jamoat salomatligi, profilaktik tibbiyot, jismoniy faollik ixtisosliklari bo‘yicha magistrlik yo‘nalishlari ochilishi, tibbiyot yo‘nalishidagi talabalar bilimini xalqaro tan olingan tizim asosida, ikki bosqichda davlat imtihonlari orqali baholash yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

2024-2025 o‘quv yilidan boshlab, hududlardagi ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot oliygohlarining 200 nafar bitiruvchisi magistratura va klinik ordinatura dasturlari asosida yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida o‘qitiladi. Shu bilan birga, ixtisoslashtirilgan xirurgiya, kardiologiya, endokrinologiya, dermatovenerologiya va kosmetologiya markazlari, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda Milliy tibbiyot markazi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. 2024 yilda amaldagi 40 ta sanitariya qoida va normalari qayta ko‘rib chiqilib, xalqaro standartlarga moslashtiriladi.

Xulosa qilib aytganda, xalq salomatligi va sog‘lom millat genofondi har bir davlatning muhim boyligi ekanligi hech kimga sir emas.  Shu bois, tibbiyot sohasida “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi fuqarolar salomatligini asrash, malakali tibbiy kadrlar salohiyatini oshirish, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish borasida o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatadi.

Maxfirat XUSHVAQTOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA