Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“So‘g‘diyona”ga “yangi qon” zarurga o‘xshaydi
12:59 / 2025-05-26

Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasida Muborakning “Mash’al” va Toshkentning “Bunyodkor” jamoalari o‘rtasidagi bahs bilan 11-turga yakun yasalib, FIFA kunlari munosabati bilan mamlakat birinchiligida jamoalarga tanaffus beriladi.

Ushbu turda Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi o‘z maydonida Buxoroning “Buxoro” klubini qabul qildi. Bu uchrashuv har ikkala jamoa uchun ham muhim ahamiyatga ega edi. Birinchidan, har ikkala jamoa turnir jadvalida yonma-yon, ya’ni 14- va 15-pog‘onalarda borayotgani bo‘lsa, ikkinchidan, bundan 3-4 yil muqaddam bugun “Buxoro” jamoasini boshqarayotgan Ulug‘bek Baqoyev aynan “So‘g‘diyona”da  bosh murabbiy edi va u jizzaxliklar jamoasini O‘zbekistonning vitse-chempioni qilgan, Osiyo kubogi bahslarida ancha-muncha shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi. Bu turda esa Baqoyev o‘zining sobiq jamoasiga qarshi bugungi shogirdlari “Buxoro” jamoasini maydonga boshlab tushdi. Shu sababdan ham o‘yin murosasiz va keskin bo‘lishi kutilayotgan edi. Amalda shunday ham bo‘ldi.  

O‘yinning 16-daqiqasida Jizzax futboli tarbiyalanuvchisi, “So‘g‘diyona”ning sobiq futbolchisi, bugun mehmonlar tarkibida to‘p surayotgan Shahboz Jo‘rabekovning olisdan bergan kuchli zarbasi yo‘l-yo‘lakay “So‘g‘diyona” himoyachisi Otabek Ahadovga tegib, darvoza to‘ridan joy oldi – 0:1.  

O‘tkazib yuborilgan goldan so‘ng maydon egalari raqiblari darvozasi oldida bosimni yanada oshirdi. Nihoyat o‘yinning 23-daqiqasida Suhrob Izzatovning uzatmasini, maydon egalarining makedoniyalik legioneri Lyupcho Doriyev golga aylantirishni uddaladi – 1:1.  

O‘yinning birinchi bo‘limi ana shu hisob bilan yakuniga yetib, jamoalar tanaffusga yo‘l oldi. Ikkinchi bo‘limni maydon egalari bosh murabbiyi Ivan Boshkovich birdaniga uchta o‘zgarish bilan boshladi. U Behruz Jumatov, Dilshod Misiraliyev hamda Sahob Rashidovlar o‘rniga Tojikiston terma jamoasi a’zolari Ehsoni Panshanbe, Zoir Jo‘raboyev va jizzaxlik yosh futbolchi Samandar Mavlonqulovlarni maydonga tashladi. Maydon egalarining o‘yinida o‘zgarishlar sezildi, ammo bundan naf chiqmadi.

Ikkinchi bo‘lim to‘liq mezbonlarning ustunligida o‘tib, ko‘plab xavfli vaziyatlar yaratildi, lekin ana shu vaziyatlarni golga aylantirish maydon egalarining qo‘lidan kelmadi. Shu tariqa darvozalarga boshqa gol kiritilmadi. “So‘g‘diyona” – “Buxoro” yakuniy hisob – 1:1.

Ivan Boshkovichning taktikasini deyarli barcha murabbiylar to‘liq o‘zlashtirib bo‘lishgan ko‘rinadi. Aks holda deyarli ikkinchi bo‘limda to‘liq ustunlikka erishish, ko‘plab xavfli vaziyatlar yaratish, uzoqdan va yaqindan ham kuchli zarbalar yo‘llab, gol kirita olmaslik futbolchilarning ruhiyatiga jiddiy ta’sir qiladi. Natijada futbolchilarda o‘z kuchlariga bo‘lgan ishonch yo‘qoladi. Bu esa futbolda juda yomon va xavfli “kasallik” hisoblanadi.

11-tur o‘yinlari bugun yakunlanadi. Ertadan FIFA kunlari boshlanib, jamoalar 15 kunlik tanaffusga chiqdi. Chunki bu kunlari milliy terma jamoalar jahon chempionati saralash bahslarida ishtirok etadi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham 5 iyun kuni Abu-Dabida Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi, 10 iyun kuni esa Toshkentda Qatar termasiga qarshi qarshi maydonga tushib, jahon chempionati yo‘llanmasini hal qilishi lozim.

Chempionatimizda yuzaga kelgan tanaffusdan klub rahbariyati unumli foydalanib, “So‘g‘diyona” ga “yangi qon” quyish kerakka o‘xshaydi. Aks holda katta va shonli tarixga ega bo‘lgan Jizzaxning birinchi raqamli jamoasi kelgusi mavsumni proligada o‘tkazishi hech gap emas.

11-turning qolgan bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Andijon” (Andijon) – “Surxon” (Termiz) – 2:1, “Nasaf” (Qarshi) – OKMK (Olmaliq) – 2:1, “Neftchi” (Farg‘ona) – “Sho‘rtan” (G‘uzor) – 4:0, “Navbahor” (Namangan) – “Qo‘qon – 1912” (Qo‘qon) – 3:0, “Paxtakor” (Toshkent) – Xorazm (Urganch) – 2:1, “Dinamo” (Samarqand) – “Qizilqum” (Navoiy) – 3:2.  

Bugun “Mash’al” – “Bunyodkor” o‘yini bilan ushbu turga yakun yasaladi.

A.Qayumov,  

O‘zA muxbiri