Jizzaxning “So‘g‘diyona” professional futbol klubi 2026 yil mavsumiga oddiy tayyorgarlik bilan emas, balki aniq strategiya va yuqori maqsadlar bilan kirib kelmoqda.
Jamoa joriy yilning 10 yanvaridan qishki yig‘inlarni boshladi va tayyorgarlik jarayoni klubning yangi mavsumdagi maqsadlarini yaqqol namoyon etmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Superligasida barqaror o‘yini bilan e’tibor qozonib kelayotgan “So‘g‘diyona” bu mavsum muxlislar oldida shunchaki ishtirokchi emas, balki yuqori o‘rinlar uchun kurash olib boradigan jamoa sifatida namoyon bo‘lishni ko‘zlamoqda. Bu yo‘lda jismoniy tayyorgarlikni oshirish, taktik imkoniyatlarni kengaytirish, tarkibda sog‘lom raqobat muhitini yaratish va eng muhimi — jamoa ruhini mustahkamlash ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Qishki yig‘inlarning ikki bosqichda o‘tkazilayotgani ham bu maqsadlarning jiddiyligidan dalolat beradi. Ilk bosqich 10–20 yanvar kunlari Jizzax shahrida o‘tkazilmoqda. Unda asosiy e’tibor futbolchilarning jismoniy holatini tiklash hamda mavsum davomida talab etiladigan yuklamalarga tayyorlashga qaratilayotir. Ushbu bosqich “So‘g‘diyona” uchun mavsum oldidan mustahkam poydevor vazifasini bajarishi shubhasiz.

Navbatdagi yig‘inlar doirasida Ivan Boshkovich boshchiligidagi murabbiylar shtabi jamoa salohiyatini xalqaro raqiblar qarshisida Turkiyaning Antaliya shahrida sinovdan o‘tkazishni rejalashtirgan. U yerda jamoa 23 yanvarda Serbiyaning “Spartak Subotitsa”, 29 yanvarda Shimoliy Makedoniyaning “Sileks”, 1 fevralda Rossiyaning “Chelyabinsk”, 4 fevralda Qozog‘istonning “Altay”, 10 fevralda Gruziyaning “Rustavi”, 13 fevralda Rossiyaning “PARI”, 16 fevralda Gruziyaning “Dinamo Batumi” va 19 fevralda Rossiyaning “Fakel” jamoalariga qarshi maydonga tushishi rejalashtirilgan.
Bu bellashuvlar “So‘g‘diyona” uchun shunchaki o‘rtoqlik o‘yinlari emas, balki yangi mavsum oldidan o‘yin tizimini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega jiddiy sinovlar hisoblanadi. Nazorat uchrashuvlari orqali murabbiylar shtabi jamoaning taktik qurilishini takomillashtirish va futbolchilarni musobaqa ritmiga bosqichma-bosqich olib kirishni maqsad qilgan.

So‘nggi yillarda jamoani chernogoriyalik mutaxassis Ivan Boshkovich ishonch bilan boshqarib kelmoqda. 1982 yil 1 yanvarda Chernogoriyada tug‘ilgan bosh murabbiy 2023 yildan buyon “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritib, jamoani yangi bosqichga olib chiqishga intilib kelmoqda.
Qishki transfer oynasida ham klub faol harakat qilayotganini ta’kidlab o‘tish joiz. Jumladan, serbiyalik tajribali hujumchi Feysal Mulich bilan shartnoma imzolandi. Fransiya, Isroil, Xorvatiya va Janubiy Koreya chempionatlarida to‘p surgan futbolchining tajribasi va gol urish mahorati jamoa hujum chizig‘ini sezilarli darajada kuchaytirishi kutilmoqda.
Shuningdek, chernogoriyalik tajribali futbolchi Aleksandar Boljevich bilan ham kelishuvga erishildi. U faoliyati davomida “Zeta” (Chernogoriya), PSV (Niderlandiya), “Eypen” (Belgiya), APOEL (Kipr) hamda “Jeleznichar” (Bosniya va Gersegovina) jamoalari tarkibida to‘p surgan. Boljevich Chernogoriya milliy terma jamoasi safida 26 ta uchrashuvda ishtirok etib, 2 ta gol muallifi bo‘lgan. Futbolchining barqaror o‘yini jamoaga katta foyda keltirishiga umid bildirilmoqda.

Bundan tashqari, serbiyalik darvozabon Nikola Mirkovich ham jamoa safiga qo‘shildi. Yevropa klublarida katta tajriba orttirgan posbonning kelishi “So‘g‘diyona” darvozasini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Ayni paytda, bir vaqtlar jamoa sharafini himoya qilgan darvozabon Milan Mitrovich bilan klub do‘stona tarzda xayrlashdi. Uning ko‘p yillik mehnati va hal qiluvchi o‘yinlardagi ishonchli harakatlari jizzaxlik muxlislar xotirasida anchagacha saqlanib qolsa kerak.
2025 yil mavsumi yakunlari ham jamoa uchun ijobiy baholandi. Xususan, “So‘g‘diyona”ning makedoniyalik legioneri Lyupcho Doriyev O‘zbekiston Superligasida “Yilning eng yaxshi legioneri” deb e’tirof etildi. U mavsum davomida 30 ta o‘yinda maydonga tushib, 16 ta gol va 9 ta golli uzatma bilan jamoa muvaffaqiyatiga salmoqli hissa qo‘shdi.
Shu bilan birga, klub “Bunyodkor”dan himoyachi Abdulaziz Abdurashidov, yarim himoyachilar Tohir To‘xtasinov hamda Ollobergan Karimovni, “Andijon”dan esa hujumchi Otabek Jo‘raqo‘ziyevni o‘z safiga qo‘shib oldi.
O‘tgan mavsum “So‘g‘diyona” sharafini himoya qilgan darvozabon Shohruh Isoqov, himoyachilar Islom Qobilov, Zoir Jo‘raboyev hamda yarim himoyachi Suhrob Izzatov bilan shartnomalar 2026 yil oxiriga qadar uzaytirildi. Yosh himoyachi Otabek Ahadov bilan tuzilgan kelishuv esa 2027 yil 31 dekabrga qadar amal qiladi. Umuman olganda, jamoaning o‘tgan mavsumdagi tarkibi deyarli saqlab qolindi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, “So‘g‘diyona” 2026 yil mavsumiga tasodifiy qarorlar bilan emas, balki puxta reja, aniq maqsad va muvozanatli seleksiya asosida tayyorgarlik ko‘rmoqda. Antaliyadagi yig‘inlar, xalqaro nazorat uchrashuvlari va tarkibdagi barqarorlik jamoaning yangi mavsumda Superligada yanada yuqori pog‘onalar uchun kurash olib borishiga asosli umid uyg‘otadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA