“So‘g‘diyona” uzoq tanaffusdan so‘ng ilk g‘alabasini qayd etdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 13-turidan o‘rin olgan “Andijon” — “Qizilqum” va “So‘g‘diyona” — “Xorazm” uchrashuvlari kutilmagan natijalar bilan yakun topdi.
Joriy mavsumda muvaffaqiyatsiz seriyani boshidan o‘tkazayotgan “So‘g‘diyona” klubi o‘z maydonida “Xorazm” jamoasini qabul qildi. Uchrashuvning 83-daqiqasida Lyupcho Doriyev tomonidan urilgan yagona gol jizzaxliklarga uzoq kutilgan g‘alabani taqdim etdi.

“Andijon” esa Navoiyning “Qizilqum” jamoasini “Bobur arena” stadionida qabul qildi. 5-daqiqada Farhod Bekmuratovning goli mehmonlarni oldinga olib chiqdi. 77-daqiqada Shohjahon Yorqinboyev raqib darvozasini ishg‘ol etib, hisobni tenglashtirdi. Shu tariqa, 1:1 hisobida yakunlangan bahsda jamoalar 1 ochkodan bo‘lishib oldi.
Bugun, 20 iyun kuni Superliganing 13-tur doirasida “Neftchi” – “Buxoro”, “Mash’al” – “Nasaf” klublari o‘zaro to‘qnash keladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA