Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasida Toshkentning “Bunyodkor” va Olmaliqning OKMK jamoalari o‘rtasidagi bahs bilan 7-tur yakunlanadi.
Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi o‘z maydonida ushbu tur doirasida Andijonning “Andijon” klubini qabul qildi. Bu ikki jamoa shu paytgacha mamlakat chempionati doirasida 48 bor to‘qnash kelgan. Ana shu bahslarning 19 tasida jizzaxliklarning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, “Andijon” 17 o‘yinda zafar nashidasini surgan. 12 o‘yinda esa durang natija qayd etilgan. Darvozalarga kiritilgan gollar nisbati “So‘g‘diyona” foydasiga 68 ga 66.

O‘yindan oldin mutaxassislar, agar mehmonlar ikkinchi raqamda to‘p surib, qarshi hujumlardan unumli foydalansa, safardan g‘alaba bilan qaytishini bashorat qilishgan edi. Bahsning birinchi bo‘limida Aleksandr Xomyakov aynan shu taktikani tanladi. Joriy mavsumni unchalik ham muvaffaqiyatli o‘tkaza olmayotgan “So‘g‘diyona” futbolchilari mezbonlik maqomida va minglab muxlislari ko‘z o‘ngida bo‘lgani bois, futbolchilar har tomonlama o‘zlarini ko‘rsatishga harakat qildilar.

Birinchi bo‘limda to‘pga egalik qilish (61 ga 39 foiz), xavfli vaziyatlar yaratish, darvoza tomon zarbalar yo‘llash bo‘yicha jizzaxliklar katta ustunlik ko‘rsatishdi.
Chempionat to‘purari Lyupcho Doriyevning nimalarga qodirligini yaxshi bilgan mehmonlar uni juda qattiq qo‘riqlashdi. Shunga qaramay, Lyupcho vodiyliklar darvozasi tomon juda xavfli 2 ta zarba yo‘lladi. Har ikkisida ham andijonliklar posboni Eldor Adhamov ishonchli o‘yin namoyish etib, ushbu zarbalarni qaytarishni uddaladi.

Shuningdek, Javohir Qahramonov, Umidbek Sultonovlar ham yaqqol golga tortadigan vaziyatlardan unumli foydalana olmadi.
Kam bo‘lsada, mehmonlar ham qarshi hujumlar tashkil etib turdi, ammo ular ham gol kiritishning uddasidan chiqa olmadi. Shu tariqa jamoalar o‘yinning birinchi bo‘limini 0:0 hisobidagi durang bilan yakuniga yetkazib, tanaffusga chiqishdi.

O‘yinning ikkinchi bo‘limi kutilmaganda mehmonlarning shiddatli hujumlari bilan boshlandi. Taymning dastlabki dekadasida aynan andijonliklar maydonda nisbatan ustunlikka erisha oldi. Uchrashuvning bu tarzda davom etishi “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boshkovichga yoqmadi va 57-daqiqada Umidbek Sultonov o‘rniga maydonga Suhrob Izzatovni tushirdi. Serbiyalik murabbiyning ushbu almashtirishi o‘zini 100 foizga oqladi, deyish mumkin. Chunki Suhrob maydonga tushgandan 1 daqiqa o‘tar-o‘tmay jamoadoshi Xondamir Mustafoqulovning himoyachilar ustidan oshirib tashlagan to‘pini kuchli zarba bilan mehmonlar darvozasining yuqori burchagiga joylab qo‘ydi – 1:0.

Kiritilgan goldan so‘ng, deyarli 2-raqam taktikasini qo‘llagan mezbonlar hisobdagi farqni yanada oshirishlari mumkin edi. Maydon egalarining makedoniyalik legioneri Doriyev raqib darvozasi tomon yana 2 bor xavfli zarba yo‘lladi, ammo shu kuni unga omad yetishmadi.
Mag‘lubiyatga uchrashni istamagan mehmonlar murabbiyi zaxiradan maydonga bir nechta yangi o‘yinchilarni tushirdi va o‘yin shiddatini yanada oshirdi. Bir qator golga tortadigan xavfli hujumlar tashkil etilib, to‘p darvoza tomon yo‘llandi. Ammo maydon egalari yaxshi himoyalandi, ayniqsa, juda xavfli zarbalarni “So‘g‘diyona” va O‘zbekiston U - 20 yoshlar terma jamoasi posboni, 19 yoshli iqtidorli darvozabon Muhammadyusuf Sobirov qaytara oldi. Uchrashuvdan so‘ng, mutaxassislar aynan uni ushbu uchrashuvning “Eng yaxshi futbolchisi” deya e’tirof etdi.

O‘yindan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov: “Jamoam yomon o‘yin ko‘rsatdi, deya olmayman. Biz e’tibor qaratgan vazifalarimizni bajardik. To‘pni yaxshi boshqardik va, ayniqsa, ikkinchi bo‘limda ustunlikka erishdik. Ko‘plab vaziyatlar yaratdik, ammo yakun yetishmadi. Alamli mag‘lubiyatga uchradik” deya jamoasi o‘yiniga tarif berdi matbuot anjumanida.
Shunday qilib, “So‘g‘diyona” – “Andijon” bahsi 1:0 hisobida maydon egalarining qiyin, ammo juda muhim g‘alabasi bilan yakuniga yetdi. Ana shu g‘alabadan keyin “So‘g‘diyona” 7 uchrashuvdan 7 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida 10-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Mazkur turning qolgan uchrashuvlarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Qo‘qon – 1912” (Qo‘qon) – “Xorazm” (Urganch) – 1:0, “Mash’al” (Muborak) – “Surxon” (Termiz) –0:0, “Navbahor” (Namangan) – “Buxoro” (Buxoro) – 3:0, “Paxtakor” (Toshkent) –“Sho‘rtan” (G‘uzor) – 1:0, “Nasaf” (Qarshi) – “Qizilqum” (Navoiy) – 4:0.
Ushbu tur doirasida belgilangan uchrashuvlardan faqat Samarqanddagi “Dinamo” va Farg‘onaning “Neftchi” klublari o‘rtasidagi bahs boshqa muddatga qoldirildi.
O‘tkazilgan 7 turdan so‘ng, O‘zbekistonning amaldagi chempioni Qarshining “Nasaf” jamoasi 17 ochko bilan turnir jadvalini boshqarib turibdi. 7-tur bahsini bugun o‘tkazishi belgilangan OKMK 6 uchrashuvdan 16 ochko jamg‘argan holda ikkinchi, “Bunyodkor” esa, xuddi shuncha o‘yindan 12 ochko yig‘ib, uchinchi pog‘onani egallab turibdi. 7 uchrashuvdan bor-yo‘g‘i 1 ochko yiqqan “Sho‘rtan” esa hamon so‘nggi 16-o‘rinda bormoqda.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri