Futbol bo‘yicha Jizzaxda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kubogi chorak final bahsida “So‘g‘diyona” jamoasi Namanganning “Navbahor” klubini mahoratli o‘yini va samarali taktik harakatlari hisobiga yirik hisobda mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
O‘yin kutilmaganda mehmon jamoa — “Navbahor” futbolchilari tomonidan shiddatli hujumlar bilan boshlandi. Dastlabki 3–4 daqiqa davomida ular maydonda ustunlikni qo‘lga olgandek tuyuldi. Biroq ushbu bosimni yengib o‘tgan jizzaxliklar keyinchalik har tomonlama ustunlikni namoyon eta boshlashdi.

“So‘g‘diyona”ning makedoniyalik legioneri Lyupcho Doriyev mamlakatimiz Superligasidagi eng kuchli futbolchilardan biri ekanini ushbu uchrashuvda yana bir bor isbotladi. Ayniqsa, uning Yevropa qit’asidan taklif etilgan yana bir legioner Rubin Xebay va ikkinchi davrada jamoaga qo‘shilgan Jasur Jaloliddinovlar bilan birgalikda uyushtirgan kombinatsiyalari o‘z samarasini bera boshladi.
Uchrashuvning 5-daqiqasida Jasur Jaloliddinov to‘pni Lyupchoga yetkazib berdi. Doriyev esa “Navbahor”ning Janubiy Amerikadan kelgan legioneri — himoyachi Gilerme Gedeshni mahorat bilan aldab o‘tib, to‘pni raqib jarima maydonida bo‘sh qolgan Rubin Xebayga aniq oshirib berdi. Xebay esa vaziyatdan unumli foydalanib, darvozani ishg‘ol etdi — 1:0.

Birinchi bo‘limda boshqa gol qayd etilmadi. Shu bilan birga, “So‘g‘diyona” maydonda to‘liq ustunlikni qo‘lga kiritib, bir qator xavfli vaziyatlarni yaratdi.
Maydon egalari bosh murabbiyi Ivan Boshkovich ikkinchi bo‘limda qarshi hujum taktikasiga o‘tdi. Mehmonlarning hisobni tenglashtirishga bo‘lgan urinishlari maydon egalari uchun bo‘sh hududlar yaratilishiga sabab bo‘ldi. Bu imkoniyatdan foydalangan tinib-tinchig‘mas Lyupcho Doriyev chap qanotdan tezkor harakat qilib, yana bir aniq uzatmani amalga oshirdi. Rubin Xebay esa bu uzatmani golga aylantirishni uddalab, uchrashuvning 56-daqiqasida ikkinchi golni kiritdi va dublni rasmiylashtirdi — 2:0.

Bu hisobdan so‘ng, “Navbahor” bosh murabbiyi Sergey Lushchan o‘yinni qutqarib qolish maqsadida tarkibda bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi hamda "Navbahor" bir necha xavfli vaziyatlarni yaratdi. Biroq darvozabon Milan Mitrovich va jizzaxlik himoyachilar o‘z darvozalarini daxlsiz saqlashdi.
Mehmon jamoaning oldinga tashlanishi natijasida “So‘g‘diyona” futbolchilari qarshi hujum uchun bir necha imkoniyatga ega bo‘lishdi. Ana shunday imkoniyatlardan birida Suhrob Izzatovning aniq uzatmasini qabul qilgan Javohir Qahramonov 84-daqiqada hisobni yanada oshirdi — 3:0.
Ushbu goldan so‘ng namanganlik futbolchilarda ruhiy tushkunlik yuzaga keldi. Maydon egalari esa aksincha, hujumni yanada faollashtirishdi. Har joyda hozir bo‘lgan Lyupcho Doriyev, jarohatdan so‘ng maydonga qayttgan Shohruhbek Abdurahmonov hamda hujumga qo‘shilgan tojikistonlik himoyachi Zoir Jo‘raboyevlar vaziyatlardan unumli foydalanganlarida hisob yanada yirik bo‘lishi mumkin edi.
Uchrashuvning 90+2-daqiqasida Javohir Qahramonov yana bir bor o‘z mahoratini namoyon etdi. Lyupcho Doriyevning zarbasi himoyachilarga tegib, to‘p Qahramonovga kelib tushdi va u kuchli zarba bilan darvozani ishg‘ol etib, dubl qayd etdi — 4:0.
Shu tariqa “So‘g‘diyona” jamoasi O‘zbekiston Kubogining birinchi yarim finalchisiga aylandi. Bugun esa “Paxtakor” (Toshkent) – “Sho‘rtan” (G‘uzor), “Bunyodkor” (Toshkent) – “Buxoro” (Buxoro) o‘yinlari, shuningdek, ertaga “Dinamo” (Samarqand) – “Mash’al” (Muborak) uchrashuvlari orqali qolgan uchta yarim finalchi ham aniq bo‘ladi.
A. Qayumov,O‘zA muxbiri