Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakuniga yetishiga 3 tur qolganida Qarshining “Nasaf” jamoasi Toshkentda “Lokomotiv”ni 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, qolgan tur natijalaridan qat’iy nazar, Qashqadaryo futboli tarixida ilk bor chempionlik masalasini hal etdi.
Ikkinchi va uchinchi o‘rin, ya’ni kumush va bronza medallari masalasi uchun bahslar hali davom etmoqda. Kuni kecha 23-tur doirasida aynan ana shu 2 medaldan biriga da’vogar bo‘lib turgan Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi Termizning “Surxon” klubini qabul qilib, bu imkoniyatni qo‘ldan chiqargan bo‘lsa, ajab emas.
O‘yin kutilganidek maydon egalarining ustunligida boshlandi. Bu ustunlik o‘yinning 9-daqiqasidayoq hisobda o‘z aksini topdi. “So‘g‘diyona”ning serbiyalik legioneri Vladimir Yovovich makedoniyalik jamoadoshi Lyupcho Doriyev uzatmasini ajoyib zarba bilan raqib darvozasi burchagiga joylab qo‘ydi – 1:0.

Hisobda ortda qolayotgan “Surxon” hujumga tashlangan bo‘lsa, maydon egalari qarshi hujum taktikasini qo‘lladi. Ana shunday qarshi hujumlarning birida, birinchi gol kiritilgandan unchalik ham ko‘p vaqt o‘tmay, mezbonlarning legioner futbolchisi Lyupcho Doriyev ikkinchi golni kiritdi. Ammo VAR vaziyatni ko‘rib chiqib,gol o‘yindan tashqari holatda kiritilgani uchun uni inobatga olmadi.
23-daqiqada jizzaxliklar to‘purari, o‘sha tinib- tinchimas Lyupcho Doriyev baribir gol urush qobiliyatini hali yo‘qotmaganini namoyish etdi. Avgust oyidan buyon gol kirita olmay kelayotgan Lyupcho jamoadoshi Vladimir Yovovichning uzatmasidan so‘ng hisobdagi farqni yana bittaga oshirdi – 2:0.Ana shu hisob bilan jamoalar tanaffusga chiqib ketdi.
Tanaffusda “Surxon” bosh murabbiyi Fevzi Davletov shogirdlarini mezbonlardan kam emasligiga to‘la ishontirib, ruhan tayyorlab chiqa olganini mehmonlar maydonda isbotlay oldi. Surxondaryolik futbolchilarning hujumida shiddat, tezkorlik, to‘pga egalik qilish va raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlarni uyushtirishlar soni borgan sari ortib bordi. Mehmonlarning bunday o‘yini maydon egalarining murabbiylar shtabiga(bosh murabbiy Ivan Boshkovich 22-turda “Bunyodkor”ga qarshi o‘yinda qizil kartochka olib, maydondan chetlatilgan edi) ogoh qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi lozim edi. Ammo buni nazarimda, ular his qila bilmadi. Natijada...

Hammasi “So‘g‘diyona” jamoasi tarkibida eng faol bo‘lib turgan Vladimir Yovovichning 60-daqiqada Samandar Sindarov bilan almashtirilishidan keyin boshlandi.
“Surxon” bosh murabbiyi Fevzi Davletovning joriy mavsumdagi kashf etgan yosh iqtidorli futbolchisi Abdug‘afur Haydarov ushbu bahsda katta sahnaga chiqib, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzodlikka loyiq ekanini ko‘rsatdi.
Abdug‘affor 62-daqiqada hisobni qisqartirgan bo‘lsa (2:1), 67-daqiqada o‘rtadagi farqni yo‘qqa chiqardi (2:2) va 77-daqiqada o‘zining uchinchi golini kiritib (2:3), “xet-trik” qayd etdi. 82-daqiqada surxondaryolik Jahongir Abdusalomovning kiritgan goli (2:4) esa sovuq havoda “So‘g‘diyona”ning ashaddiy muxlislari ustidan sovuq suvni quyib yuborgandek bo‘ldi.

Yodingizda bo‘lsa, Jizzaxda Toshkentning “Paxtakor” jamoasidan qabul qilib olingan (0:1) mag‘lubiyatdan so‘ng, “So‘g‘diyona” jamoasi a’zolarida moddiy va ruhiy muammolar borga o‘xshayotgani haqida va klub ma’muriyati bu muammoga jiddiy choralar ko‘rmasa, jamoa joriy mavsum ham medallarsiz qolib ketishi mumkinligi haqida yozgan edik. Lekin ana o‘sha muammo to‘laligicha bartaraf etilmagan ko‘rinadi. Aks holda 3-4 tur avval chempionlikka, 2 tur muqaddam kumush medallarga da’vogr bo‘lib turgan jamoaning borgan sari o‘yinlari yomonlashib, bu mavsum medallarsiz qolib ketishi oydinlashib qolmagan bo‘lardi.
Chunki “So‘g‘diyona” keyingi bahsni Qarshida O‘zbekistonning joriy mavsumdagi yangi chempioni “Nasaf” bilan, 25-turni Jizzaxda superligada jon saqlash uchun kurashayotgan Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi bilan va so‘nggi turni esa Samarqandda ajoyib jamoani shakllantira olgan Vadim Abramovning “Dinamo”si bilan o‘tkazishini hisobga olsak, endi jizzaxliklar medallar haqida orzu qilmasalar ham bo‘ladi. Futbol bashoratchilari “So‘g‘diyona” bu turlardan atiga 1 ochko ishlay olishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

Ushbu turda Andijonning “Andijon” jamoasini Toshkentda 3:1 hisobida yenggan “Paxtakor” mavsum tugashiga 3 tur qolganda “So‘g‘diyona”dan uchinchi o‘rinni tortib oldi. Poytaxt klubi bu mavsum chempionliksiz va kuboksiz qoldi.Bundan buyog‘iga “Paxtakor”chilar nafaqat bronza, balki kumush medal uchun ham kurashga chog‘lanishi, shubhasiz. Lekin toshkentliklarning kumush medalni olishiga Mirjalol Qosimov bosh murabbiyligidagi Olmaliqning OKMK jamoasi ham indamay “qo‘l qovushtirib” qarab turmasa kerak. Tajribali futbol muxlisi sifatida, mening fikrimcha, “So‘g‘diyona” joriy mavsum o‘zining og‘zidagi tayyor oshini oldirib qo‘yib bo‘ldi. To‘g‘ri, bu futbol, ya’ni maydon tekis, to‘p dumaloq. Futbolda esa hamma narsa bo‘lishi mumkin.
“So‘g‘diyona” – “Surxon” o‘yini yakuni –2:4. Futbol ishqibozlari Jizzaxda “Surxon”cha “mega kombek”ning guvohi bo‘ldi.
Bugun “Olimpik” (Toshkent) – “Navbahor” (Namangan), “Qizilqum” (Navoiy) – “Dinamo” (Samarqand), ertaga “Neftchi” (Farg‘ona) – “Bunyodkor” (Toshkent) va “Metallurg” (Bekobod) – OKMK (Olmaliq) jamoalari bahsi bilan 23-turga yakun yasaladi.
A.Qayumov, O‘zA