Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“So‘g‘diyona” o‘z maydonida yana qimmatli ochkolarni yo‘qotdi
09:28 / 2024-09-21

Shu kunlarda futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasida navbatdagi 19-turdan o‘rin olgan bahslar bo‘lib o‘tmoqda. Kuni kecha ushbu tur doirasida Jizzaxda “So‘g‘diyona” klubi Andijonning “Andijon” jamoasini qabul qildi.

Uchrashuv kutilganidek keskin va murosasiz qarama-qarshi hujumlar bilan boshlandi. Birinchi bo‘limning ikkinchi yarmiga yaqinlashgach, maydon egalari mehmonlar jarima maydonchasi yaqinida bosimni kuchaytirib, hujumlari sonini va sifatini oshirdi. Ana shu bosim o‘yinning 24-daqiqasiga kelib o‘z samarasini berdi. “So‘g‘diyona”ning makedoniyalik legioneri Lyupche Doriyevning uzatgan to‘pini jizzaxliklarning 19 yoshli baland bo‘yli hujumchisi Samandarjon Mavlonqulov boshi bilan mehmonlar darvozasiga joylab qo‘ydi – 1:0.

Goldan ruhlangan maydon egalari mehmonlar darvozasini ishg‘ol etish uchun yana bir necha bor qulay vaziyatlarni yuzaga keltirdi, ammo andijonliklar posboni Eldor Adhamov nafaqat birinchi bo‘limda, balki butun o‘yin davomida darvozasidan boshqa gol o‘tishiga yo‘l qo‘ymadi. Shunday qilib jamoalar 1:0 hisobida tanaffusga chiqib ketdi.

Tanaffusdan “Andijon” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov unumli foydalanib, o‘z shogirdlariga kerakli ko‘rsatmalarni berganligi o‘yinning ikkinchi bo‘limi boshlanishi bilanoq yaqqol sezildi. Ikkinchi bo‘limda jizzaxliklarga qaraganda mehmonlarning hujumlari ko‘proq xavfli tus ola boshladi va uchrashuvning 55-daqiqasiga borib, bu o‘z natijasini ko‘rsatdi. Rustam Turdimurodovning jamoadoshi Farhod Sohibjonov uzatgan to‘pni darvozadan 17 metrlar chamasi olislikdan yo‘llagan kuchli zarbasi o‘rtadagi farqni yo‘qqa chiqardi – 1:1.

Ikkinchi bo‘limni qarshi hujumlar bilan davom ettirgan “Andijon” ushbu uchrashuvda g‘alaba qozonib ketishi ham mumkin edi. O‘yin oxirlaganda tezkor qarshi hujumdan so‘ng to‘p bir bor darvoza ustuniga, ikkinchi marta to‘siniga tegib qaytdi va maydon egalarini yaqqol mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Vodiylik futbolchilar va ularning kamsonlik bo‘lsada, Jizzaxga yetib kelgan muxlislari Andijonga ajoyib g‘alaba bilan qaytishlari ham mumkin edi, ammo ularga ozgina omad yetishmadi.

Xolis muxlis sifatida fikr bildiradigan bo‘lsak, Ivan Boshkovich shogirdlarining ikkinchi bo‘limda namoyish etgan o‘yini  nafaqat chempionlikka da’vogar, balki medalli o‘rinlar uchun kurashadigan jamoanikiga ham o‘xshab ko‘rinmadi. Kim bilsin, balki jamoa ichki muhitida qandaydir muammolar yuzaga kelgandir, bu bizga qorong‘u. Ammo “So‘g‘diyona” o‘z maydonida yana ochko yo‘qotdi.  

Bu muvaffaqiyatsizlikni mezbonlar bosh murabbiyi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida quyidagicha izohladi: “G‘alabaga erishish uchun futbolni yurakdan o‘ynash kerak, yosh bolalarcha yo‘l qo‘yilgan xatolar futbolda kechirilmaydi, qimmatga tushadi. Har qanday ehtimoliy vaziyatga tayyor turgan holda iroda ko‘rsatish kerak. Men xohlagan futbol bugungi o‘yinimizda ko‘rinmadi. Raqib yaxshi himoyalandi va qarshi hujumda xavfli o‘ynadi. Bizda golli vaziyatlar yetarlicha edi, yakuniy zarbalarga aniqlik yetishmadi. Raqib darvozasi ishg‘ol etilgandan so‘ng faollikni yanada oshirishimiz lozim edi,” dedi Ivan Boshkovich.

Shunday qilib, “So‘g‘diyona” – “Andijon” yakuniy natijasi – 1:1.

Ushbu turdan o‘rin olgan Farg‘onaning “Neftchi” va Navoiyning “Qizilqum” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda 2:2 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, Toshkentda “Lokomotiv” Namanganning “Navbahor” klubiga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bugun Toshkentda “Olimpik” Samarqandning “Dinamo”sini qabul qilsa, ertaga “Surxon” (Termiz) va “Bunyodkor” (Toshkent) jamoalari ham poytaxtda ushbu tur doirasida kuch sinashadi.

19-turning markaziy uchrashuvi maqomiga ega bahs 23 sentyabr kuni Qarshida “Nasaf” hamda Olmaliqning OKMK jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.  

A.Qayumov, O‘zA