Jizzax shahrida futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasining 25-turidan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” va Termizning “Surxon” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv keskin va murosasiz kurashlarga boy tarzda o‘tdi.
O‘yin Jizzax jamoasining shiddatli hujumlari bilan boshlandi. Bahsning 2-daqiqasidayoq jizzaxliklar legioneri Rubin Xebay mezbonlarni oldinga olib chiqdi. Tezkor gol “Surxon” futbolchilarini sal bo‘lsada sarosimaga solib qo‘ydi, ular himoyasida xatolar yuz bera boshladi. “So‘g‘diyona” esa bu holatdan foydalanishga harakat qildi.

11-daqiqada Javohir Qahramonovning aniq uzatmasidan so‘ng, makedoniyalik legioner Lyupcho Doriyev raqib himoyachilarining xatosidan foydalanib, hisobni 2:0 ga yetkazdi. Mazkur tezkor gollar “Surxon” ahvolini yanada qiyinlashtirdi.

Birinchi bo‘lim mezbonlar ustunligida o‘tdi. Rubin Xebay, Jasur Jaloliddinov, Stanislav Andreyev, Javohir Qahramonov va boshqalar yana bir qancha imkoniyatlar yaratishdi. Biroq mehmonlar darvozaboni Dilshod Yo‘ldoshev bir necha bor jamoasini qutqardi va natijada birinchi bo‘limda hisob o‘zgarmasdan qoldi.
Ikkinchi bo‘limda o‘yin yanada keskinlashdi. “Surxon” murabbiyi Fevzi Davletovdan kerakli ko‘rsatmalarni olgan futbolchilar hisobni qisqartirish uchun bir necha hujumlar uyushtirishdi. Ammo “So‘g‘diyona”ning qarshi hujumlari ham xavfli ko‘rinish oldi. Bir necha bor maydon egalari mehmonlar darvozaboni bilan birga-bir vaziyatga chiqishdi, ammo ulardan unumli foydalanisholmadi.

72-daqiqada “So‘g‘diyona” yarim himoyachisi Xondamir Mustafoqulov ikkinchi sariq kartochkani olib, maydonni tark etdi. Endi son jihatdan ustunlikka erishgan mehmonlar o‘z hujumlarini yanada kuchaytirdi. Ammo jizzaxliklar sovuqqonlik bilan himoyalanishni, darvozabon esa o‘zining ishonchli o‘yinlarini davom ettirdi.
Biroq o‘yinga qo‘shib berilgan vaqt davomida jizzaxliklar darvozaboni Shohruh Isoqov to‘pni mushtlari bilan urib qaytardi, to‘p esa raqib o‘yinchisi Sarvar Abduhamidovning oyog‘iga borib tushdi, Sarvar esa bu imkoniyatni ko‘kka sovurmadi. Oqibatda hisob 2:1 ko‘rinishini oldi. Mehmonlarning keyingi urinishlari esa samara bermadi. Ushbu hisob o‘zgarishsiz qoldi.
Uchrashuvdan so‘ng “Surxon” bosh murabbiyi Fevzi Davletov quyidagilarni bildirdi: – Biz o‘yinni juda yomon boshladik. Oqibatda himoyadagi xatolarimiz ikki gol urilishiga olib keldi. Bu xatolar o‘yin ssenariysiga jiddiy ta’sir qildi. Ikkinchi bo‘limda ancha yaxshi o‘ynadik, ammo hujumda sovuqqonlik va aniqlik yetishmadi. Hujumdagi sifatni oshirishimiz shart.

“So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boshkovich esa jamoasining harakatidan qoniqqanini ta’kidladi: – Birinchi bo‘limda to‘liq ustunlik qildik. Ikkinchi bo‘limda raqibning ochiq o‘yinini kutgandik va bu holatga tayyor edik. Kamchiliklar bo‘ldi, ayniqsa oxirgi daqiqalardagi xato gol o‘tkazishimizga olib keldi.
“So‘g‘diyona” bu bellashuvda nafaqat texnik, balki ruhiy jihatdan ham ustunlik qildi. Jamoa endi o‘z o‘yin yo‘nalishini topayotgan ko‘rinadi.
“Surxon” esa jonbozlik bilan to‘p surdi, biroq boshlang‘ich daqiqalardagi xatolar va samarasiz hujumlar ularni ochkolardan mahrum qildi. Ikkinchi bo‘limdagi harakatlar esa jamoaning yangi turlardagi o‘yinlariga nisbatan ishonch uyg‘otadi.
“So‘g‘diyona” keyingi turdagi o‘yinini safarda “Buxoro” jamoasi bilan o‘tkazadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri