Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"So‘g‘diyona” markaziy stadionida qurilish va ta’mirlash ishlari boshlandi
18:16 / 2025-11-24

Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” markaziy o‘yingohida zamon bilan hamnafas bunyodkorlik avjiga chiqqan: keng miqyosda rekonstruksiya, qurilish va ta’mirlash ishlari boshlandi.

Kecha-yu kunduz davom etayotgan jarayonlardan maqsad – tomoshabinlar uchun ma’qul sharoit yaratish, sportchilar tayyorgarligini yangi bosqichga ko‘tarish va, eng muhimi, stadionni xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishdir.

Loyihaning qiymati 63 milliard 674 million so‘mdan ziyod bo‘lib, uning amalga oshirilishi “Yigirmanchi trest o‘n oltinchi vakillik” mas’uliyati cheklagan jamiyati zimmasiga yuklatilgan. Buyurtmachi sifatida Jizzax viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injeniring kompaniyasi davlat muassasasi ishtirok etmoqda.

– Ayni paytda tribunalarning ustki va pastki qismlarida izolyatsiya va betonlashtirish ishlarini yakuniga yetkazdik, – deydi qurilish jarayonlariga bosh-qosh bo‘layotgan quruvchi-muhandis Jamshid Farmonov. – Ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Jarayonda issiq-sovuqqa va namgarchilikka chidamli inovatsion texnologiyalar asosida tayyorlangan materiallar qo‘llanilmoqda. Shu bilan birga, stadionda xavfsizlik tizimlari modernizatsiya qilinmoqda, texnik infratuzilma yaxshilanib, 11 mingdan ortiq tomoshabinlarning xavfsizligini ta’minlashga mo‘ljallangan. Bizning rejamizga ko‘ra, “So‘g‘diyona” stadionidagi rekonstruksiya, qurilish, ta’mirlash ishlari kelgusi yilning uchinchi choragida yakunlanadi.

Darhaqiqat, ushbu qurilish maydonida tinim yo‘q: maxsus tarnasport vositalarining tovushi, metall zanjirining jaranglashi, kran ustalarning qizg‘in harakati – bularning barchasi stadion uchun yangi hayot boshlanayotganining isbotidir. Yangilangan maydon nafaqat mahalliy chempionat, balki Osiyo musobaqalari va xalqaro bellashuvlar uchun ham munosib maskanga aylanishi kutilmoqda.

– Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sportga, futbolga qaratayotgan alohida e’tibori natijasidir, – deydi Jizzax viloyati futbol assosiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Shuhrat Yo‘ldoshev. – Jizzaxda yangilangan “So‘g‘diyona” stadioni Osiyo chempionlar ligasi, Osiyo kubogi va xalqaro musobaqalarni qabul qilishi mumkin bo‘lgan darajaga ega bo‘ladi. Yangilangan infratuzilma sport tadbirlarini yuqori darajada o‘tkazishga sharoit yaratadi. Eng muhimi, mamlakatimizda AFC hamda FIFA talablariga javob bera oladigan stadionlar soni yana bittaga ko‘payadi.

Darhaqiqat, bunyodkorlikka qanchalik katta mablag‘ va mehnat sarflanayotgani faqat arxitektura o‘zgarishi emas – bu mamlakat miqyosidagi sport siyosati bilan chambarchas bog‘liq jarayondir. Prezidentimiz tomonidan 21 avgust kuni qabul qilingan “O‘zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaror futbol infratuzilmasini xalqaro darajaga olib chiqish, stadionlar sifatini oshirish va moddiy-texnik bazani mustahkamlashni belgilab bergan. Bugun Jizzaxda amalga oshirilayotgan ishlar ana shu qaror ijrosining jonli namunalaridan biridir.

A.Qayumov, J.Yorbekov (video, surat), O‘zA muxbirlari