Futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi guruh bahslari bugun nihoyasiga yetadi. Kuni kecha esa “A” guruhi jamoalari 3-tur o‘yinlarini o‘tkazdi.
Ushbu guruhda superliganing yagona vakili bo‘lgan Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi o‘z maydonida Urganchning “Xorazm FA” jamoasini qabul qildi. Kutilganidek, mezbonlar bosh murabbiyi Ivan Boshkovich birinchi ligada to‘p surayotgan Xorazm futbol akademiyasi futbolchilariga qarshi deyarli ikkinchi tarkibni maydonga tushirdi.

E’tiborlisi, superliga bahslarida omadi chopmayotgan “So‘g‘diyona” kubok bahslarini juda muvaffaqiyatli yakunladi. Ushbu guruhdagi so‘nggi tur bahsi ham to‘liq maydon egalarining ustunligida o‘tdi. Uchrashuvning 11-daqiqasida maydon egalarining tojikistonlik legioneri, yarim himoyachi Ehsoni Panshanbening uzatmasini Sahob Rashidov 18 metrlar olisdan zarba yo‘llab, raqib darvozasini ishg‘ol etdi – 1:0.
Oradan 10 daqiqa o‘tib, maydon egalari tomonidan kiritilgan ikkinchi gol ham xuddi birinchisi singari uzoq masofadan amalga oshirildi. Jizzaxliklarining yosh futbolchilaridan biri Dilshodbek Misiraliyev to‘pni tengqur jamoadoshi Sardorbek Erkinovga yetkazib berdi. Sardorning olisdan bergan zarbasini mehmonlar darvozaboni bu gal ham qaytara olmadi – 2:0.

Birinchi bo‘lim tugashiga 4 daqiqa qolganida mezbonlarning yosh iqtidor egalaridan bo‘lmish Sardorbek Erkinovning induvidual harakatlari evaziga o‘rtadigi farq yana bittaga oshdi – 3:0.
Jamoalar ana shu hisob bilan tanaffusga chiqib ketdi.
Ikkinchi bo‘limda yirik hisobda g‘alaba qozanayotgan maydon egalari ortiqcha kuch sarflamay harakat qilishdi. Shundanmi, ikkinchi bo‘lim juda sust o‘tdi. Lekin bahsning 61-daqiqasida jizzaxliklar tarkibidagi yana bir yosh iqtidor egalaridan biri Umidbek Sultonov jamoadoshi Ibrohimjon To‘raqulovning uzatmasidan so‘ng “Xorazm FA” jamoasi darvozasini ishg‘ol etib, hisobni 4:0 ga yetkazdi.

Ikkinchi bo‘lim davomida “So‘g‘diyona” murabbiylar shtabi tarkibda bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi Suhrob Izzatov, Islom Qobilov, Ehsoni Panshanbe, Umidbek Sultonov hamda Sahob Rashidovlar o‘rniga zaxiradan Samandar Sindarov, Ali Jo‘ramurodov, Ibrohimjon To‘raqulov, Shahriyor Toshmurodov hamda Sardorbek Hoshimovlarni maydonga tushirdi.
Shunday qilib, eng yengil “A” guruhidan joy olgan “So‘g‘diyona” uch o‘yindan 9 ochko jamg‘arib, raqiblari darvozasiga 11 ta gol kiritdi va o‘z darvozalaridan birorta ham to‘p o‘tkazib yubormadi va guruh bahslarini 1-o‘rin bilan yakunladi. Bu esa kubokning keyingi bitta bahsdan iborat bo‘lgan pley-off o‘yinida bo‘lajak raqibini o‘z maydonida kutib olish ikoniyatini beradi.

Nukus shahrida shu guruhdan joy olgan “Aral” va Quvasoyning “Sementchi” jamoalari o‘rtasidagi 3-tur uchrashuvi o‘tkazilmadi. Chunki Farg‘ona vodiysi futbolchilari mazkur o‘yinga bormadi. Shu sababdan ularga texnik mag‘lubiyat, “Aral”ga esa texnik g‘alaba yozildi. Bu g‘alaba qoraqalpoq futbolchilarini guruhda 2-o‘rin sohibiga aylantirdi va ular ham “So‘g‘diyona” bilan birga kubok bahslarining keyingi bosqichiga yo‘l oldi.
Bugun O‘zbekiston kubogi doirasida o‘tadigan guruhlarning 3-turidagi “Xorazm” (Urganch) – “Sirdaryo FA” (Guliston), “Olimpik Mobiuz” (Toshkent) – “Jayxun” (Nukus), “Bunyodkor” (Toshkent) – “Lokomotiv” (Toshkent), “Buxoro” (Buxoro) – “Namangan FA” (Namangan), “Qo‘qon-1912” (Qo‘qon) – “Qizilqum” (Navoiy) hamda “Zamin” (Zomin) – “Andijon FA” (Andijon) uchrashuvlaridan so‘ng kubok o‘yinlarining nim chorak finaliga yo‘l oladigan barcha 16 jamoaning nomiga oydinlik kiritiladi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri