FIFA kunlari munosabati bilan davlatlar milliy terma jamoalari jahon chempionatiga saralash va boshqa turnirlarda ishtirok etishi tufayli futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasida ayni paytda kichik tanaffus bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham jahon chempionati saralash bahslarining 3-raundida bugun bo‘lib o‘tadigan 3-turda Eron, 15 oktyabr kunga belgilangan 4-turida esa Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoalarini qabul qiladi.
Superligamizda yuzaga kelgan tanaffusdan unumli foydalangan mamlakatimiz professional futbol klublari bir qator nazorat o‘yinlarida ishtirok etmoqda.
Kuni kecha Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi o‘z maydonida Toshkentning “Olimpik” jamoasi bilan nazorat uchrashuvini o‘tkazdi.
Ushbu bahsda O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi va “Olimpik” klubi sobiq bosh murabbiyi Timur Kopadze 2-davra boshlanishi arafasida jamoani tark etganidan so‘ng, klubdagi bir qator yetakchi futbolchilar boshqa klublarga o‘tib ketdi. “Olimpik”ning ancha kuchsizlanib qolganligi ushbu o‘yinda ham yaqqol sezildi.

O‘yinning 1-daqiqasidayoq “Olimpik” klubi futbolchisi Shukron Yo‘ldoshev o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘yib, avtogol muallifi bo‘ldi – 1:0.
O‘yinning 17-daqiqasi “So‘g‘diyona”ning Shimoliy makedoniyalik legioner futbolchisi va jamoa to‘purari Lyupcho Doriyev raqib darvozasini ishg‘ol etib, hisobni 2:0 ko‘rinishga olib keldi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limi tugashiga 5 daqiqa qolganida jizzaxliklarning tajribali yarim himoyachisi Stanislav Andreyev toshkentliklar darvozasiga 3-golni kiritib, farqni uchtaga yetkadi. Jamoalar 3:0 hisobida tanaffusga chiqdi.

Tanaffusda bosh murabbiydan kerakli ko‘rsatmalarni olgan “Olimpik” futbolchilari o‘yinida sezilarli darajada o‘zgarish ko‘zga tashlanib, jamoa ko‘proq hujumga e’tibor qaratdi va mezbonlar darvozasi oldida qator xavfli vaziyatlarni yarata boshladi. Ikkkinchi bo‘limda asosan ikkinchi raqam bo‘lib to‘p surgan maydon egalari esa qarshi hujumga tayanib to‘p surdi.
Ana shunday tezkor qarshi hujumlardan biri uchrashuvning 75-daqiqasida tashkil etilib, “So‘g‘diyona”ning yosh iqtidorlaridan biri Umidbek Sultonovning chiroyli goli bilan yakuniga yetdi – 4:0.

To‘rtinchi goldan so‘ng “So‘g‘diyona” o‘yinni biroz bo‘lsa-da bo‘shashtirdi. Mehmonlar maydon egalarining holatidan unumli foydalanib, o‘yinning 90-daqiqasida “Olimpik” futbolchisi Akbar O‘ktamov raqib darvozasiga gol kiritib, hisobni bittaga bo‘lsada qisqartirdi 4:1.
A.Qayumov,
O‘zA