Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“So‘g‘diyona” ishonchni oqlay oladimi?
11:56 / 2026-02-20

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati Superligasida ishtirok etayotgan 16 jamoaning aksariyati yangi mavsum ostonasida tayyorgarlikni Turkiya maydonlarida olib bormoqda. Qishki yig‘inlar — orzular charxlanadigan, kamchiliklar yuzaga chiqadigan, jamoaning haqiqiy qiyofasi namoyon bo‘ladigan sinov pallasidir.

Yuqori maqsadlarni ko‘zlagan Jizzaxning “So‘g‘diyona” professional futbol klubi ham Antaliyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. Biroq nazorat uchrashuvlari natijalari jamoa oldida turgan vazifalar qanchalik jiddiy ekanini yaqqol namoyon etdi.

Rossiyaning “FK Chelyabinsk” jamoasiga qarshi bahs 0:1 hisobida yakunlandi. Keyingi uchrashuvda “FK Altay”ga 0:2 hisobida imkoniyat boy berildi. Gruziyaning “Rustavi” klubiga qarshi o‘yin 1:3, Rossiyaning “FK Pari” jamoasi bilan bellashuv esa 1:4 hisobida tugadi. Yagona tasalli — Batumining “Dinamo”si ustidan qozonilgan 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alaba bo‘ldi. Ammo Antaliyadagi so‘nggi nazorat bahsida Rossiyaning “Fakel” klubi bilan bo‘lib o‘tgan o‘yinda 0:1 hisobida mag‘lubiyat qayd etildi.

Raqamlar — quruq statistika emas. Ular jamoaning bugungi holati, izlanishlari va muammolarini ochib beradi. Bosh murabbiy Ivan Boshkovich shakllantirayotgan tarkibda intizom va himoyadan hujumga o‘tishda muayyan tartib seziladi. Yangi legionerlar ayrim uchrashuvlarda o‘zini ko‘rsata olgan bo‘lsa, ba’zi bahslarda yetarlicha faollik namoyon eta olmadi. Yosh futbolchilarga imkoniyat berilayotgani ijobiy holat, ammo hujumlarni yakunlashdagi muammolar, hal qiluvchi uzatmalardagi noaniqlik va himoyadagi lahzaviy bee’tiborlik hali ham dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Nazorat o‘yinlari, albatta, eksperiment maydoni. Bu bosqichda natijadan ko‘ra, tarkib tanlash, o‘zaro uyg‘unlikni shakllantirish va taktik yechimlarni sinovdan o‘tkazish muhim. Biroq mag‘lubiyatlar silsilasi jamoa ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Superligada raqobat har yilgidan keskin bo‘lishi kutilmoqda. Bunday sharoitda har bir xato qimmatga tushishi tayin.

Antaliya yig‘ini bugun nihoyasiga yetib, “So‘g‘diyona” Jizzaxdagi qarorgohiga qaytmoqda. Vaqt esa nihoyatda kam. 27-fevral kuni start oladigan chempionatning ilk turida jamoa mehmonda “Andijon”ga qarshi maydonga tushadi. Mavsumni ishonchli boshlash uchun o‘yinda aniqlik, tezkorlik va gol urish samaradorligini oshirish talab etiladi.

Xulosa shuki, Antaliyadagi yig‘in “So‘g‘diyona” uchun nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki jiddiy tahlil va xulosa chiqarish davri bo‘ldi. Yangi mavsum balandparvoz gaplarni emas, aniq natijani talab qiladi. Jizzax muxlislari esa va’dalarni emas, maydondagi ishonchli o‘yinni kutmoqda.

A. Qayumov, O‘zA muxbiri