Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati Superligasining 29-turidan o‘rin olgan Jizzaxning “So‘g‘diyona” va Toshkentning “Bunyodkor” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin Zomin shahrida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv maydon egalarining shiddatli hujumlari bilan boshlandi. Ushbu o‘yinda g‘alaba “So‘g‘diyona”ni turnir jadvalida 7-o‘ringa ko‘tarilish imkonini berardi.

O‘yinning birinchi bo‘limida ustunlik asosan “So‘g‘diyona” tomonida bo‘ldi, ammo ko‘plab imkoniyatlar samarasiz kechdi. Bir necha xavfli zarbalarni mehmonlar posboni bartaraf etgan bo‘lsa, himoyachilar ham bo‘sh kelishmadi.

Futbolda “Sen gol urmasang, senga urishadi” degan naql bu safar ham o‘zini oqladi. Birinchi bo‘limning oxirida Jasur Jaloliddinovning o‘z jarima maydoni yaqinidagi xatosi jamoaga qimmatga tushdi. Bundan foydalangan mehmonlar o‘yinchisi Asadbek Rahimjonov hisobni ochdi – 0:1.

Ikkinchi bo‘limda vaziyat deyarli tenglashdi va bundan “Bunyodkor” samarali foydalandi. 60-daqiqada Imeda Ashortianing uzoqdan yo‘llagan aniq zarbasini mezbonlar darvozaboni Shohrux Isoqov qaytara olmadi – 0:2.
“So‘g‘diyona” jamoasi o‘yin davomida ikki bor 15- va 90+7-daqiqalarda penalti tepishi mumkin edi, ammo VAR va bosh hakam Shavkat Nasibullayevning fikrlari bir-biriga muvofiq kelmadi.

Mezbonlar futbolchilaridan Lyupcho Doriyev, Shohruh Abdurahmonov, Javohir Qahramonov va Jasur Jaloliddinovlarning xavfli zarbalarini “Bunyodkor” posboni Abdumavlon Abdujalilov o‘zining ajoyib seyvlari bilan bartaraf eta bildi. Shu bois ham Abdumavlon o‘yindan so‘ng – “Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi” deb topildi.
“Bunyodkor” ushbu safardagi g‘alabasidan so‘ng chempionatni, so‘nggi uchrashuv natijasidan qat’iy nazar, kuchli beshlikda yakunlaydigan bo‘ldi. “So‘g‘diyona” esa 7-o‘ringa ko‘tarilish imkoniyatidan foydalana olmadi.

So‘nggi 30-turda “So‘g‘diyona” safarda Qo‘qonning “Qo‘qon – 1912” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Bu o‘yinda mezbonlarning g‘alabasi jamoa uchun nafaqat 3 ochko, balki “pley-off” o‘yinlarisiz Superligada o‘z o‘rnini saqlab qolish imkoniyatini bersa, jizzaxliklar 9-pog‘onaga tushib ketishlari mumkin.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri