Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“So‘g‘diyona” chempionni mag‘lub etdi
10:41 / 2024-11-10

Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasi o‘yinlarining 24-turi Andijon shahridagi “Bobur arena” stadionida “Andijon” va Navoiyning “Qizilqum” klublari o‘rtasidagi bahs bilan yakuniga yetadi.

Kuni kecha Qarshida mamlakatimizning joriy mavsumdagi chempioni “Nasaf” Jizzaxning “So‘g‘diyona”jamoasini qabul qildi.  

Ushbu turda maydon egalari garchand chempionlikni rasman hal etgan bo‘lsalarda o‘z muxlislari qarshisida chiroyli o‘yin ko‘rsatishni va o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida chempionlikni g‘alaba orqali nishonlashni niyat qilgani tabiiy. Chunki shu kungacha bu ikki klub Qarshida 24 marotaba to‘qnash kelib, katta ustunlik maydon egasi – “ajdarlar” tomonida edi. Qashqadaryo futbolchilari ana shu uchrashuvlarning 19 tasida, “bo‘rilar” esa atigi 2 tasida g‘alaba nashidasini surishga muvaffaq bo‘lishgan.  

“So‘g‘diyona” oxirgi marotaba “Nasaf”ni Qarshida 2018 yilgi mavsumda 2:1 hisobida mag‘lub etgan edi. Qolaversa, Ivan Boshkovichning jizzaxlik shogirdlari hali mavsumni kuchli uchlikda yakunlashi uchun imkoniyati yo‘qolmagan va shuning uchun ham Qarshidan yana bir bor g‘alaba bilan o‘z uylariga qaytishni maqsad qilishgani o‘yinning keskin va murosasiz kurashlar ostida kechishiga sabab bo‘ldi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limi maydon egalarining ustunligida o‘tdi. Ammo mehmonlarning qarshi hujum taktikasi va mezbonlar darvozasi oldida golga tortadigan jiddiy xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishi jizzaxliklar Qarshiga shunchaki mag‘lub bo‘lish uchun kelmaganini ko‘rsatib turardi.O‘yinning birinchi bo‘limi 0:0 hisobida yakuniga yetdi.

Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilanoq maydon egalari mehmonlar darvozasini ishg‘ol etdi. Uchrashuv bosh hakami G‘ayrat Jo‘rayev dastlab golni inobatga oldi. Ammo VAR vaziyatga aralashgach, hujumni boshlash chog‘ida ana shu hisobga olinmagan gol muallifi Bobur Abduxoliqov to‘pni  qo‘li bilan to‘g‘rilab olganligi aniqlandi va maydon egalarining kiritgan goli hisoblanmadi.  

Tanaffus paytida “So‘g‘diyona” jamoasi  butun mavsum davomida egallab kelgan 3-o‘rinni tortib olgan Toshkentning “Paxtakor” klubi Namanganda “Navbahor”dan 5:2 hisobida mag‘lubiyatga uchraganini eshitganligi shubhasiz. Bu ularning o‘yinlarida ham yaqqol sezilib turdi. Ammo tablodagi 0:0 hisobi “So‘g‘diyona” futbolchilarini ham, ularning murabbiylarini ham qanoatlantirmas edi. Shu sabab, o‘yinni tomoshabinlar safida tomosha qilayotgan bosh murabbiy Ivan Boshkovich bilan maslahatlashgan yordamchi murabbiy Rade Petrovich zaxiradan birato‘la 3 nafar– Stanislav Andreyev, Samandarjon Mavlonqulov hamda Muhammadsafo Fozilovlarni maydonga tushirdi.

Bu esa qarshi hujum taktikasida to‘p surgan mehmonlarning o‘yinini yanada kuchaytirdi. “So‘g‘diyona”ning makedoniyalik legioneri Lyupche Doriyev 2 marotaba, zaxiradan maydonga tashlangan Samandarjon Mavlonqulov 2 marotaba yaqqol vaziyatni golga aylantira olmadi. Mezbonlar “golkiper”i, bugungi kunda chempionatimizning eng yaxshi posboni Abduvohid Ne’matov ushbu vaziyatlarning uchtasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan bo‘lsa, bir martasida Samandarjon Mavlonqulovning zarbasi darvoza to‘sini yonginasidan o‘tib ketdi.  

Albatta, “Nasaf” futbolchilari ham qo‘l qovushtirib turishgani yo‘q. Lekin maydon egalari tomonidan yaratilgan bir qator xavfli vaziyatlarni mehmonlar posboni, bugungi kunda superligamizdagi eng yosh, iqtidorli darvozabon Muhammadyusuf Sobirov bartaraf etgan bo‘lsa, zaxiradan maydonga tushirilgan Javohir Sidiqovning juda ham xavfli jarima zarbasidan so‘ng to‘p darvoza to‘siniga tegib, maydon tashqarisiga chiqib ketdi.

O‘yin tugashiga sanoqli daqiqalar qolganida maydon egalari ijro etgan jarima zarbasi jizzaxliklarning tezkor qarshi hujumiga zamin yaratdi. “So‘g‘diyona”ning serbiyalik legioneri Vladimir Yovovich to‘pni egallagan zahoti maydon markazida yolg‘iz turgan jamoadoshi Lyupcho Doriyevga uzatdi. Lyupcho 2 nafar mezbonlar himoyachisini bir harakat bilan osongina chalg‘itib, to‘pni maydon egalari darvozasi tomon uzatdi. Darvozabon bilan yakkama-yakka chiqqan tajribali Stanislav Andreyev to‘pni Abduvohid Ne’matovning oyoqlari orasidan o‘tkazib, o‘yinning 90-daqiqasida hisobni ochdi – 0:1.

Hakam tomonidan qo‘shib berilgan 8 daqiqada jamoalar boshqa gol kirita olmadi. Shu tariqa “So‘g‘diyona” joriy chempionatda O‘zbekiston chempioni “Nasaf”ni 2 marta taslim eta olgan yagona jamoaga aylandi. Mehmonlar ushbu g‘alabadan so‘ng ochkolari sonini 40 taga yetkazib, poytaxtlik “Paxtakor”chilardan yana o‘z o‘rinlarini qaytarib oldi.

O‘yindan so‘ng “So‘g‘diyona” yordamchi murabbiyi Rade Petrovich matbuot anjumanida ishtirok etib, “Nasaf”ni chempionlik bilan tabrikladi va ular ushbu mavsumni yuqori darajada o‘tkazishganini, Qashqadaryo viloyati futbolchilari chempionga xos o‘yin ko‘rsatishganini  ta’kidladi.

– “Nasaf” Osiyo chempionlar ligasida ham munosib ishtirok etib, o‘zbek futboli darajasi yuqori ekanligini ko‘rsatishlariga tilakdoshman, – dedi Rade Petrovich. –O‘tgan haftada “Surxon”ga mag‘lub bo‘lganimizdan keyin yigitlar bugun xarakter ko‘rsata olishdi. Golgacha bizda  3- 4 ta yaxshi imkoniyat yuzaga keldi, lekin foydalana olmadik. Chempionga qarshi o‘yinda darvozamiz daxlsizligini saqlab qoldik. Ushbu mavsumda“Nasaf”ni 2 bor mag‘lub etaolgan yagona jamoa ekanligimizdan faxrlanamiz.

Ushbu turning qolgan o‘yinlarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Navbahor” – “Paxtakor” – 5:2, OKMK (Olmaliq) – “Olimpik” (Toshkent) – 2:2, “Dinamo” (Samarqand) – “Lokomotiv” (Toshkent) – 1:2, “Bunyodkor” (Toshkent) – “Metallurg” (Bekobod) – 1:1, “Surxon” (Termiz) – “Neftchi” (Farg‘ona) – 0:0.

FIFA kunlari munosabati bilan mamlakat chempionati superligasida kichik tanaffus yuzaga keladi. Chunki, ertaga O‘zbekiston milliy terma jamoasi “JCH-2026” saralash bahslarida ishtirok etish uchun navbatdagi tur oldidan Qatarda yig‘in o‘tkazish uchun jo‘nab ketadi.  

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston terma jamoasi 15 noyabr kuni Doha shahrida Qatar termasiga qarshi birinchi davraning so‘nggi turida maydonga tushsa, 19 noyabr kuni (neytral maydon) Ventyan(Laos davlati poytaxti) shahrida Shimoliy Koreya davlati termasi bilan ikkinchi davraning birinchi turini o‘tkazadi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston chempionati superligasining oxirgi ikkita tur o‘yinlari bo‘lib o‘tishi belgilangan.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri