Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“So‘g‘diyona” Buxoroda yana mag‘lub bo‘ldi
11:21 / 2025-10-24

“So‘g‘diyona” bu yil “Buxoro”ga ikkinchi marta yutqazdi – avvalroq jamoa O‘zbekiston Kubogi yarim finalida ham aynan shu raqibdan 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi.

Ammo bu gal jizzaxliklar kutilgan “revansh” o‘rniga yana sust va ishonchsiz o‘yin namoyish etishdi va mezbonlarga 3 ochkoni “tortiq etishdi”.

Uchrashuvning ilk daqiqalaridayoq mehmonlar himoyasida xatoliklar yuz berdi.Oqibatda 8-daqiqaga kelib, mezbonlar himoyachisi Izzatillo Po‘latov jamoadoshi Azizbek Amonovning aniq uzatmasidan foydalanib, hisobni ochdi. 14-daqiqada esa yana Izzatilloning o‘zi ikkinchi bor to‘pni jizzaxliklar darvozasiga aniq yo‘lladi – 2:0.

Birinchi bo‘limda “So‘g‘diyona” hech qanday javob qaytara olmadi. Zoir Jo‘raboyevning qulay vaziyatdagi zarbasi darvozabon tomonidan qaytarildi, Lyupcho Doriyevning zarbasi esa ustunga tegib qaytdi. Hujumdagi beqarorlik va himoyadagi tartibsizlik jamoaning umumiy holatini yaqqol namoyon etdi.

– Juda kuchsiz o‘yin namoyish etdik, ayniqsa birinchi taymda. Havodagi kurashlarda yutqazdik, maydon markazini boy berdik. Bu 3 yil ichidagi eng kuchsiz o‘yinimiz bo‘ldi, – dedi “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boshkovich o‘yindan keyin bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

“Buxoro” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov esa g‘alabani jamoaviy intizom va birinchi daqiqalardagi faol harakat bilan izohladi: – Birinchi taymdagi biz urgan ikki gol butun o‘yin taqdirini hal qildi. Yigitlarimiz borini berib o‘ynashdi. Endi o‘tadigan har bir bahs biz uchun finalga teng bo‘ladi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA