Guliston davlat pedagogika instituti Gumanitar fanlar va jismoniy madaniyat fakulteti talabasi So‘g‘diyona Abdukarimova sportning badminton turi bo‘yicha Toshkent shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi U-19 musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi.

Musobaqada So‘g‘diyona yakkalik bahslarda barcha raqiblarini mag‘lub etib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, juftlik bahslarida ham munosib ishtirok etib, sovrinli 3-o‘rinni egalladi. Qayd etilgan natijalar uning puxta tayyorgarligi, sabr-toqati va sportga bo‘lgan intilishini yaqqol namoyon etdi.
– Bu natija osonlik bilan kelmadi. Kundalik mashqlar, sabr va ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashi orqali bu marraga yeta oldim, – deydi So‘g‘diyona. – Maqsadim nafaqat o‘z imkoniyatlarimni sinash, balki yoshlarni sportga qiziqtirish va ularni ilhomlantirishdir.
Qayd etilishicha, ushbu yutuq So‘g‘diyona Abdukarimovaning shaxsiy mehnati va irodasini aks ettirish bilan birga, Guliston davlat pedagogika institutida sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor hamda yaratilgan shart-sharoitlarning amaliy samarasini ko‘rsatadi.

Institut rahbariyati va ustozlar So‘g‘diyonaning yutug‘ini yuksak baholab, uning kelgusidagi musobaqalarda ham munosib ishtirok etishi uchun har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Ayniqsa, yil so‘ngida qo‘lga kiritilgan ushbu natija Guliston davlat pedagogika institutining sport sohasidagi obro‘-e’tiborini yanada mustahkamlagan ahamiyatli voqea sifatida e’tirof etildi.
Ғулом Primov, O‘zA muxbiri