Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“So‘g‘diyona” 4-turda g‘alaba qozondi
12:54 / 2025-04-07

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasida 4-tur bahslaridan keyin, ushbu mavsumda 4 ta uchrashuvdan so‘ng ochko yo‘qotmagan jamoaning o‘zi qolmagani joriy yilgi chempionat har galgisidan-da murosasiz o‘tishini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ajab emas.

Ushbu turdagi markaziy uchrashuv Farg‘onada “Neftchi” va Namanganning “Navbahor” bahsi, deb qaralgan bo‘lsada, Jizzaxdagi “So‘g‘diyona” va o‘zbek futbolining avangardi sanalgan poytaxtning “Paxtakor” klublari o‘rtasidagi o‘yin muxlis va mutaxassislarning fikricha “markaziy uchrashuv” degan maqomga ko‘proq loyiq ko‘rilgandi...

Bu ikki jamoaning o‘zaro bahslari, ularning turnir jadvalida egallab turgan o‘rinlaridan qat’iy nazar, hamisha keskin, murosasiz va kurashlarga boy bo‘lib o‘tgan.  

Ammo har ikkala jamoaning birinchi bo‘limda namoyish etgan o‘yinida na keskinlik va na murosasizlik ko‘zga tashlanmadi. O‘tgan 45 daqiqa va hakam tomonidan qo‘shib berilgan yana 8 daqiqa davomida na maydon egalari va na mehmonlar golga tortadigan birorta vaziyat yarata olmagani ushbu o‘yinning qanchalik sust o‘tganini ko‘rsatadi.

“Paxtakor” futbolchilari 4 kun muqaddam 1-turning qoldirilgan bahsida Muborakning “Mash’al” jamoasini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, charchab qolganga o‘xshasa, jizzaxliklar dastlabki 3 turdagi qatorasiga mag‘lubiyatlardan so‘ng, ruhiy tushkunlik va o‘z kuchlariga bo‘lgan ishonchning yetishmayotgani yaqqol sezilib turdi.  

“So‘g‘diyona”ning serbiyalik bosh murabbiyi, o‘zbek futboli havosidan anchadan buyon nafas olib kelayotgan Ivan Boshkovich, “Paxtakor”ning Portugaliyadan taklif etilgan bosh murbbiyi, hamkasbi  Pedro Morreraga qaraganda o‘yinning ikkinchi bo‘limiga o‘z shogirdlarini ancha yaxshiroq tayyorlab maydonga tushirgani ilk daqiqalaridayoq namoyon bo‘ldi.

O‘yinning 46-daqiqasida “So‘g‘diyona”ning serbiyalik legioneri Jorjevichning uzatmasidan so‘ng Makedoniyadan kelgan futbolchi Lupche Doriyev mehmonlar himoyachisi Alijonovni ortda qoldirib, to‘pni “Paxtakor”ning Yevropadan kelgan posboni Jonatanning oyoqlari orasidan o‘tkazib darvoza to‘riga tushirishni uddaladi – 1:0.  

Mehmon futbolchilar o‘zlariga kelib ulgurmay, oradan 5 daqiqa o‘tib, uchrashuvning 51-daqiqasida mezbonlar futbolchisi Otabek Ahadovning uzatmasini mehmonlar jarima maydonida hech kim qo‘riqlamayotgan Jorjevich hammadan baland sakrab, boshi bilan darvozaga yo‘naltirib, o‘rtadagi farqni oshirdi – 2:0.

Shundan so‘ng, “Paxtakor”ning portugaliyalik bosh murabbiyi tarkibda bir qator o‘zgarishlar qilib, o‘yin tizginini biroz o‘z qo‘lga olgandek bo‘ldi. Ammo mehmonlarga shu kuni omad kulib boqmadi. Qaytanga qarshi hujumda to‘p surgan maydon egalari, yaratilgan bir qancha golli vaziyatlardan foydalana olishmadi. Aks holda hisob yanada yirikroq ko‘rinish olishi mumkin edi.

“So‘g‘diyona” qatorasiga 3 turdagi mag‘lubiyatdan so‘ng, nihoyat, o‘zbek futbolidagi eng nomdor jamoa “Paxtakor”ni mag‘lubiyatga uchratib, joriy mavsumdagi birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. O‘yinlari o‘ziga o‘xshamaydigan “Paxtakor” jamoasi futbolchilari esa, joriy mavsumdagi uchinchi mag‘lubiyatni qabul qilib olishga majbur bo‘ldi. Hali poytaxt jamoasi mavsumni bu qadar yomon boshlaganini tajribali futbol muxlisi sifatida shaxsan men eslay olmadim. O‘zbek futbolining eng nomdor klubining taqdiri haqida jamoa rahbariyati jiddiroq o‘ylab ko‘rsa yaxshi bo‘lardi.

4-turning qolgan o‘yinlarida quyidagi natijaldar qayd etildi: “Buxoro” (Buxoro) – “Bunyodkor” (Toshkent) – 0:2, “Surxon” (Termiz) – “Qo‘qon-1912” (Qo‘qon) – 3:1, “Neftchi” (Farg‘ona) – “Navbahor” (Namangan) – 3:2, “Sho‘rtan” (G‘uzor) – “Nasaf” (Qarshi) – 1:4, OKMK (Olmaliq) – “Dinamo” (Samarqand) – 0:0.  

Ushbu turdan joy olgan Navoiyning “Qizilqum” va Urganchning “Xorazm” jamoalari o‘rtasidagi bahs boshqa kunga ko‘chirildi.

Turnir jadvalida 10 tadan ochko to‘plagan “Bunyodkor” va OKMK peshqadamlik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda 8 tadan ochko bilan “Nasaf” va “Dinamo” jamoalari borayapti. So‘nggi 16-pog‘onada esa 1 ochko bilan “Sho‘rtan” turibdi.  

A.Qayumov, O‘zA