Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“So‘g‘diyona” 187 kundan so‘ng o‘z maydoniga qaytdi
20:17 / 2023-05-13

Jizzaxning “So‘g‘diyona” professional futbol klubi oradan yarim yil yoki roppa-rosa 187 kun o‘tib, chim va sug‘orish tizimi tubdan qayta ta’mirlangan o‘z maydoniga qaytdi. “So‘g‘diyona” markaziy stadionida bugun jizzaxliklar O‘zbekiston chempionati superligasi 10-turidan joy olgan Yaypanning “Turon” jamoasi bilan yangilangan maydonda kuch sinashadi.

Olti oy muqaddam “So‘g‘diyona”ning OFK kubogi yarim finali doirasidagi o‘yinidan so‘ng O‘zbekiston professional futbol liga(PFL)si va “So‘g‘diyona” professional futbol klubi (PFK) o‘rtasidagi kelishuv asosida yangi maydon uchun harakat boshlangan edi. 187 kundan so‘ng futbol maydonidagi ta’mirlash ishlari butunlay yakunlandi. Drenaj va sug‘orish tizimi tubdan yangilanib, sug‘orish tizimida kompyuterlashtirish jarayoni amalga oshirildi. Bu tizim chimni talab etilgan darajada parvarishlash raqamlashtirilgan mexanizm orqali boshqarilishini ta’minlashini ham alohida ta’kidlash joiz.  

Prezidentimizning 2023 yil 7 apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida klub tomonidan chimni yaxshi holatda saqlab turish maqsadida PFL tavsiyasiga asosan zarur bo‘lgan qo‘shimcha yangi texnikalar xarid qilinmoqda.  

Shu o‘rinda  2022 yil “So‘g‘diyona” PFK bazasini ishga tushirganligini, 2024 yilda mazkur baza qoshidagi futbol maydoni ham PFL talab qilayotgan ko‘rinishga keltirilishi, shuningdek, kelasi yilda klub akademiyasini rasman foydalanishga topshirilishi rejalashtirilganini ta’kidlash joiz.  

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 13 mayidan e’tiboran O‘zbekistonda maysasi talabga javob beradigan stadionlar soni 11 taga yetdi. Jumladan, respublikamiz poytaxtidagi – “Paxtakor”, “Jar”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv”, Namangan shahridagi – “Markaziy”, Farg‘onadagi – “Istiqlol” hamda Yaypandagi “O‘zbekiston”, Qarshi shahridagi “Markaziy”, Buxorodagi – “Buxoro sport majmuasi”, G‘uzordagi “Markaziy” hamda bugundan boshlab Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” maydonlari PFL va xalqaro musobaqalar o‘tkazish talablariga to‘la javob beradigan maydonlar sirasiga kiritildi.  

Joriy yil yakuniga qadar xalqaro talablarga javob beradigan stadionlarning futbol maydonlari soni Olmaliq shahridagi OKMK, Andijondagi “Bobur arena” va Termizdagi “Surxon arena” stadioni bilan yana 3 taga ko‘payib, jami 14 tani tashkil etishi rejalashtirilgan.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA