Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sogʻliqni saqlash vazirligi: Sogʻlom turmush tarzi OIV infeksiyasiga qarshi kurashda muhim muhim ahamiyat kasb etadi
12:01 / 2019-11-30

Poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida 1-dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan yugurish va ommaviy gimnastika boʻyicha marafon boʻlib oʻtdi.

Poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida 1-dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan yugurish va ommaviy gimnastika boʻyicha marafon boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan uyushtirilgan tadbirda ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiy oliy oʻquv yurtlari, poytaxtimizdagi shifo muassasalari vakillari, poytaxtimiz ahli va yoshlar, viloyatlardan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirok etdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining OIV/OITS boʻyicha dasturi —YUNEYDSning bergan maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda dunyo boʻyicha 37 million OIV infeksiyasi bilan yashayotgan shaxslar hisobga olingan. Mamlakatimizda 2019-yilning 1-noyabr holatiga 42098 nafar shaxs OIV infeksiyasi bilan yashamoqda. 1- dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kunini sayyoramiz boʻylab keng nishonlashdan maqsad insoniyatning ushbu global tibbiy-ijtimoiy muammoga eʼtiborini yana bir karra jalb etish, bunday kasallikdan aziyat chekayotgan bemorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashdir. Joriy yil ushbu sana “Hamjamiyat oʻzgarishlarga erishmoqda” shiori ostida nishonlandi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda butun dunyoda OIV infeksiya tarqalishining oldini olish, bunday kasallikka chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish borasida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Jumladan, mamlakatimizda ham bu yoʻnalishda muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. OIV infeksiya tarqalishining oldini olish boʻyicha tibbiy-profilaktika va targʻibot ishlari tizimli yoʻlga qoʻyilgan. Onadan bolaga OIV yuqishining oldini olish boʻyicha tibbiyotimiz katta natijalarga erishmoqda. OIV infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash ishlariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Aytish joizki, keyingi yillarda OIV infeksiyasiga qarshi kurash tadbirlarini moliyalashtirishda davlat byudjetining hissasi yildan-yilga ortib bormoqda. Bugungi kunda maxsus virusga qarshi davolash maqsadida xarid qilinayotgan yuqori sifatli dorilarning 50 foizi davlat byudjeti hisobidan sotib olinmoqda.

Bundan tashqari, yondosh kasalliklarni davolash uchun dori vositalarini xarid qilishga davlat byudjeti hisobidan 2018-yilda 811,0 million soʻm, OIV infeksiyali onalardan tugʻilgan bolalar uchun quruq sut aralashmalarini xarid qilish uchun 3 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.

OIVga qarshi kurash ishlarini samarali tashkil etishda aholi, ayniqsa, yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzi va ommaviy sportni targʻib etish ham muhim amahiyatga ega. Ushbu sport marafoni ham ayni shu maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Marafon ishtirokchilari qizil lenta taqib maydonga chiqdilar. Zero, qizil lenta OIV infeksiyasi bilan yashovchi bemorlarni qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda ularga nisbatan eʼtiborni kuchaytirish belgisidir. Tadbir ishtirokchilariga OIV infeksiyasining yuqish yoʻllari va oldini olish usullari boʻyicha maxsus qoʻllanmalar tarqatildi.

Shuningdek, shifokorlar va mutaxassislar aholiga sogʻlom turmush tarzini yuritish, kasalliklarning oldini olish, belgilangan muddatlarda tibbiy koʻrikdan oʻtish samarasi, OIV va boshqa inson salomatligiga salbiy taʼsir etuvchi kasalliklarning oldini olish, sogʻlom turmush tarzini yuritish boʻyicha tavsiyalar berdilar.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi