English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sog‘liqni saqlash vazirligi: Bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olishda muhim qadam qo‘yilmoqda
14:13 / 2019-08-20

Bu haqda poytaxtimizda “Bachadon bo‘yni saratonisiz kelajak” shiori ostida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda aytib o‘tildi.


Bachadon bo‘yni saratoni ayollar salomatligiga tahdid qiluvchi jiddiy kasalliklardan biri hisoblanadi. 2018 yilda dunyoda bachadon bo‘yni saratoni bilan qariyb 570 ming yangi kasallanganlik holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 mingdan ortiq ayol vafot etadi. Saratonning bu turini oldini olish borasida sinalgan va samarali strategiyalar mavjud. Ulardan biri – odam papilloma virusiga (OPV) qarshi emlash. O‘zbekiston bu borada birinchi qadamni qo‘ydi, ya’ni shu yilning noyabridan boshlab 9 yoshli qizlar ushbu kasallikka qarshi emlanadi.

Bu haqda poytaxtimizda “Bachadon bo‘yni saratonisiz kelajak” shiori ostida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda aytib o‘tildi. 
Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ta’kidlanishicha, bachadon bo‘yni saratoni tarqalishiga ko‘ra jahonda ayollarda uchraydigan saraton kasalliklari orasida to‘rtinchi o‘rinda turadi. Dunyoda bo‘lgani kabi, mamlakatimizda ham bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida tarqalishi bo‘yicha ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda. Kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa, ushbu xastalik barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon bezi saratonidan keyin uchinchi va tug‘ish yoshidagi ayollar (15-44 yosh) orasida esa ikkinchi o‘rinni egallaydi. 

2017 yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan bu borada milliy reja tasdiqlangan. U o‘z ichiga bachadon bo‘yni saratonini davolash, palliativ yordam ko‘rsatish bilan birga OPVga qarshi emlash, bachadon bo‘yni saratonini skrining qilish kabi birlamchi profilaktik tadbirlarni qamrab oladi.

Milliy emlash taqvimiga ko‘ra, mamlakatimizda bolalar davlat budjeti hisobidan 12 ta boshqariladigan infeksiyalarga qarshi emlanadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda epidemiologik holat barqaror saqlanmoqda. Endilikda OPVga qarshi vaksinaning joriy qilinishi esa yana bir og‘ir kasallik – bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qiladi. Yurtimizda 9 yoshli o‘smir qizlarni rejali emlash shu yilning noyabr oyidan boshlanadi. 

Tadbirda ta’kidlanganidek, ayni paytda OPVga qarshi rejali emlash dunyoning 92 davlatida, ular orasida JSST Yevropa mintaqasidagi 36 mamlakatida ham qo‘llanib kelinmoqda. Bachadon bo‘yni saratoning oldini olish jarayonini kamaytirishdagi emlashning yuqori samarasi klinik sinovlar davrida, shuningdek, bu vaksina ko‘p yillardan buyon qo‘llanib kelinayotgan davlatlar (AQSh, Avstraliya, Kanada, Daniya, Irlandiya, Shvesiya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Shotlandiya) misolida ko‘ringan.

Anjumanda, shuningdek milliy va xalqaro ekspertlar bachadon bo‘yni saratonining oldini olish va davolash bo‘yicha oxirgi tadqiqotlar, OPVga qarshi vaksinani joriy qilishdagi boshqa davlatlarning tajribalari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.