Surxondaryo viloyatida buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan muqaaddas qadamjolar ta’mirlanib, mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun qulay sharoit yaratilmoqda.
Naqshbandiylik tariqati davomchisi, o‘zbek mumtoz adabiyoti namoyandasi, ilohiyot olimi va buyuk faqihi So‘fi Olloyorning Oltinsoy tumani Katta Vaxshivor qishlog‘idagi muqaddas ziyoratgohi ham tubdan ta’mirlanib, yangi qiyofada bo‘y ko‘rsatmoqda.
Asli Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on bekligida kamolga yetgan So‘fi Olloyor umrining olim bo‘lgan yillarini Katta Vaxshivorda o‘tkazadi. Tog‘lar qo‘ynidagi so‘lim go‘shada masjid va ko‘rkam bog‘ barpo ettiradi.
U Imom A’zam an’analarini rivojlantirib, islomiy ahkom va tasavvufiy g‘oyalarni xalq ongiga singdirgan, hidoyat va najot yo‘lini ko‘rsatgan mashhur tariqat arbobi, buyuk karomat sohibi mutasavvuf ijodkor sifatida “Taqvodorlar maslagi”, “Oriflar murodi”, “Itoatkorlar xazinasi”, “Ojizlar saboti”, “Najot tantanasi” kabi asarlari bilan ham dunyoga tanilgan.
Keyingi yillarda ul zot qo‘nim topgan muqaddas manzilni ziyorat qilish uchun mahalliy va dunyoning turli davlatlaridan kelayotgan sayyohlar safi o‘sib bormoqda. Ular uchun ziyoratgohda zamonaviy qulayliklar yaratilib, kirish joyi yangilandi. Keng yo‘lakchalar barpo etilayotir. O‘tmishdan saqlanib qolgan hovuz atrofi obodonlashtirildi. Oshxona, qushxona, tahoratxona va boshqa yordamchi binolar bunyod etildi. Manzarali favvora qurilmoqda. Tog‘ etaklarida qad rostlab turgan maqbara tubdan rekonstruksiya qilindi. Yangidan barpo etilayotgan bunday sharoitlar nafaqat turistlarning muqaddas qadamjoda buyuk ajdodimizni yod etib, ehtirom ko‘rsatishi, balki hudud bilan yaqindan tanishib, tog‘ qo‘ynidagi maftunkor go‘shani sayr qilishiga ham qulay muhit yaratmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ITn5_KZe0zw" title="So‘fi Olloyor ziyoratgohi so‘lim va go‘zal go‘shaga aylanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri