Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘fi Allohyor – zullisonayn shoir, faqih, naqshbandiya tariqatining yirik namoyondasi
07:58 / 2026-01-15

Islom dunyosining mashhur mutafakkirlari o‘z davrida ham, bizning zamonimizda ham ulkan shaxsiyat sifatida e’tirof etiladi. Ularning asarlari hech qachon dolzarbligini yo‘qotmaydi. So‘fi Allohyor ham ana shunday buyuk zot sifatida ulug‘lanadi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladiki, yurtimizda yashagan zabardast olimning asarlari diniy-ma’rifiy yo‘nalishning qaysi turiga kiradi? Maqolada naqshbandiya tariqatining yirik vakili So‘fi Allohyorning asarlari va uning ulkan ilmiy salohiyatini manbalarga asoslangan holda namoyon etishga qaratmoqchimiz. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur allomaning asarlari o‘z yurtida yozilgan bo‘lib, o‘sha paytdagi ko‘p ulamolar alohida e’tirof etgan. 

O‘zbek adabiyotining zabardast siymolaridan biri, zullisonayn shoir, adib, faqih, naqshbandiya tariqatining yirik namoyondasi So‘fi Allohyorning tug‘ilgan yili haqida xalqimiz orasida turli fikrlar bildirilgan. Ilmiy tadqiqotlar va tazkiralarda qayd etilishicha, alloma 1644 yil Samarqanddagi Kattaqo‘rg‘on bekligiga qarashli Minglar qishlog‘ida Allohquli (Temiryor) xonadonida tavallud topgan. Boshlang‘ich ta’limotni mazkur hududda olgan. 12 yoshgacha shu yerda istiqomat qilgan. Bolalik davridanoq aql-idroki tez, zehni o‘tkir, ilmga muhabbati kuchli bo‘lgani sababli keyinchalik buyuk alloma, mutafakkir va ma’rifat peshvosiga aylangani tasodif emas, albatta.

Yigitlik chog‘larida So‘fi Allohyor ilm izlab, hayot tajribasini oshirish maqsadida Buxoroga yo‘l olgan. Davrning yirik siyosiy va ma’naviy markazi sanalgan Buxoroda u zotning salohiyati va tadbirkorligi e’tibordan chetda qolmagan. Shu bois Buxoro hukmdori Abdulazizxon uning zimmasiga mas’uliyatli vazifa – boj mahkamasida to‘ralik lavozimini yuklagan.

So‘fi Allohyor o‘ziga topshirilgan vazifani sidqidildan, pok niyat bilan ado etishga intiladi. Manbalarda ba’zan adolatni ta’minlash, qonun-qoidalarni mustahkamlash uchun muayyan qat’iyat va qattiqqo‘llikka yo‘l qo‘ygani qayd etiladi. Ana shu holat ayrim vaziyatlarda xalqning noroziligiga ham sabab bo‘lgani ma’lum. Bu So‘fi Allohyorning hayotdagi muhim tajriba davri bo‘lib, undagi boshqaruv mahorati, adolat tushunchasi va insoniy fazilatlari aynan shu jarayonda shakllangani ta’kidlanadi.

So‘fi Allohyorning dunyoviy ishlarni tark etib, tariqat yo‘liga kirishiga olib kelgan voqea manbalarda tafsilotlari bilan zikr etilgan. Rivoyatlarga ko‘ra, u Buxoroda bojxona xizmatiga kirib, bir necha yil ma’lum darajada qattiqqo‘l va hatto shafqatsiz amaldor sifatida nom qozongan. Shu davrda Shayx Habibullohning muridlaridan biri savdo yuki bilan Buxoroga kirib kelganida, Allohyor tomonidan qattiq ta’qib va kaltaklanishi uning taqdirida hal qiluvchi burilish bo‘lgani aytiladi. Muridning hol-ahvolini eshitgan Shayx Habibulloh duo qilgani va ana shu duo hamda ruhiy ta’sir tufayli Allohyor qalbida ilohiy bedorlik paydo bo‘lgani rivoyat qilinadi.

Bu voqeadan so‘ng Allohyor qalbidagi tafakkur o‘zgaradi. Naqshbandiya tariqatining mashhur shayxi – Shayx Habibullohning huzuriga borib, tavba qiladi. Tariqatga qo‘shilish istagini bildiradi. Shayx uni qabul qilgach, So‘fi Allohyor mansab, martaba, dunyoviy manfaatlarning barchasini tark etib, butun vujudi bilan tasavvuf yo‘liga kirib ketadi. O‘n yil Buxorodagi Jo‘ybor shayxlari silsilasining namoyondasi – Shayx Habibulloh madrasasida ta’lim olib, tasavvuf ilmini puxta o‘zlashtiradi. Tariqatning turli ruhiy mashqlari, odob va talablarini sidqidildan bajarib, shayxlik martabasiga ko‘tariladi. Valiyulloh – Allohning do‘sti, karomat sohibi sifatida tanilib, ahli sunna aqidalarining yirik himoyachilaridan biriga aylanadi.

So‘fi Allohyor o‘z asarlarida ta’kidlashicha, u Shayx Habibullohdan tashqari yana qator ulug‘ ustozlar – So‘fi Navro‘z Buxoriy va Xo‘ja Mo‘min kabi ulamolardan ham dars olgan. Shu tariqa u shar’iy ilmlarni, xususan, tafsir, hadis, fiqh va tasavvufni mukammal egallagan. Arab va fors tillarini esa yuksak darajada bilib, keyinchalik o‘zining mashhur asarlarini ana shu tillarda ham ijod etgan.

Manbalarda So‘fi Allohyorning aynan shu davrlarda zamonasining otashnafas, ishqiy va irfoniy ruh bilan sug‘orilgan she’riyat sohibi – Boborahim Mashrab (1650–1711) bilan yaqin muloqotda bo‘lgani rivoyat qilinadi. Ikki buyuk sofdil shayx va shoirning uchrashuvlari, suhbatlari va ruhiy mushohadalari har ikkalasining ma’naviy dunyosida muayyan iz qoldirgani aytiladi. Mashrabning irfoniy muhabbatga asoslangan g‘oyalari va Allohyorning aqidaviy barqarorlikka yo‘naltirilgan ta’limoti o‘zaro mulohazalar orqali yanada boyigani turli tazkira va rivoyatlarda eslatib o‘tiladi.

Manbalarda ta’kidlanishicha, So‘fi Allohyor o‘zbek va fors tillarida qator nodir, ilmiy va irfoniy ahamiyatga molik asarlar yaratgan. Ular orasida quyidagilar alohida o‘rin tutadi:

1. “Maslakul muttaqiyn” (“Taqvodorlar maslagi”). Bu asar allomaning shoh asari sifatida e’tirof etilgan. Fors tilida yozilgan ushbu kitobda taqvo egalari yo‘li, axloqiy-irfoniy masalalar, insonning ruhiy kamolga intilishi kabi mavzular chuqur bayon qilingan. So‘fi Allohyorning ilmiy-pedagogik qarashlari aynan shu asarda to‘la namoyon bo‘ladi.

2. “Murodul orifiyn” (“Oriflar murodi”). Mazmuni bilan “Oriflar orzusi” yoxud “Irfon egalari maqsadi”ni anglatadigan bu asar ham fors tilida ta’lif etilgan. U o‘n besh fasldan iborat bo‘lib, o‘ttizga yaqin risola asosida yozilgan. Kitobda tasavvuf ilmiga oid keng qamrovli masalalar: nafs tarbiyasi, ruhiy mashqlar, zikr odoblari, shayx-murid munosabatlari kabi mavzular sharhlangan. Asarning ko‘plab qo‘lyozma nusxalari mavjud. Ulardan biri O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida 1716 raqami bilan saqlanmoqda.

3. “Maxzanul mutiy’iyn” (“Itoatkorlar xazinasi”, “Itoatkorlar zaxirasi”). Fors tilida yozilgan bu asar ikki asosiy bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘limda aqidaviy masalalar –  insonning e’tiqodi, islomiy qarashlar poydevori haqida so‘z yuritilgan. Ikkinchi bo‘limda fiqhiy masalalar – amaliy ibodatlar, odob-axloq qoidalari bayon etilgan. Kitobning o‘ziga xosligi shundaki, u aqiyda va fiqhni bir asarda uyg‘un tarzda qamrab olgan.

4. “Sabotul ojiziyn” (“Ojizlar saboti”, “Ojizlar matonati”). Ushbu asar aqoid ilmiga bag‘ishlangan bo‘lib, turkiy tilda nazmiy uslubda yozilgan. Muallif bu asarni “Maslakul muttaqiyn”dan keyin yozgan. Fors tilida yozilgan “Maslakul muttaqiyn” keng omma tomonidan katta muhabbat bilan kutib olingach, So‘fi Allohyorning yaqinlari va shogirdlari uni ona tilida ham yozib berishini so‘raydilar. Haq taologa tavakkul qilib, u zot bu iltimosni qabul qiladi va “Sabotul ojiziyn”ni qisqa vaqtda ijod etadi. Asar xalq orasida shiddat bilan tarqalgan, madrasalarda darslik sifatida o‘qitilgan va asrlar davomida musulmonlar uchun muhim ma’naviy dasturilamal vazifasini o‘tab kelgan.

“Sabotul ojiziyn” asari yozilgan davridanoq keng kitobxonlar ommasi katta mamnuniyat bilan qabul qilgan. Uning oddiy xalq tilida ham yodlab yurilishi, dasturxon atrofida, masjid va madrasalarda ohang qilib o‘qilishi – asarning xalq qalbida qanday chuqur o‘rin egallaganini yaqqol ko‘rsatadi. Mazkur asarning xalq orasida tez ommalashgani, uning mazmuni oddiy, ravon va ta’sirli tili bilan birga, aqidaviy masalalarni jonli, tushunarli tarzda bayon etgani bilan ham bog‘liq.

“Sabotul ojiziyn” yuzlab yillar aniqrog‘i, uch yuz yildan ortiq vaqt maktab va madrasalarda darslik sifatida o‘qitib kelingan. U tolibi ilm uchun qo‘llanma, taqvo va odob-axloq istaganlar uchun esa ma’naviy dasturilamal vazifasini o‘tagan.

Bu asarning nufuzi faqat Movarounnahr bilan cheklanib qolmagan. “Sabotul ojiziyn” Pokiston, Hindiston, Eron, Iroq, Afg‘oniston, Tatariston, Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Xitoy, Vengriya va Rossiya kabi ko‘plab davlatlarda nashr etilgan. Asarning bu qadar keng hududlarda tarqalishi uning ilmiy va ruhiy qimmatini yanada oshiradi. Shu bilan birga uning tarqalishi moturidiya aqida maktabining mazkur yurtlarda mustahkamlanishi va ommalashuviga ham xizmat qilganini aytish o‘rinli bo‘ladi. 

Ba’zi tadqiqotchilar va adabiyotshunos olimlar So‘fi Allohyor merosini o‘rganar ekan, unga tegishli deb qayd etilgan yana bir nechta asarlarga e’tibor qaratadilar. Jumladan, “Najotut tolibiyn”, “Favzun najot” kitoblari hamda “Mevalar munozarasi” nomli manzuma ayrim manbalarda So‘fi Allohyor qalamiga mansub ekani aytilgan. Garchi bu asarlarning muallifligi haqida bahslar mavjud bo‘lsa-da, ularning uslubiy xususiyatlari, mazmun-mohiyati va tasavvufiy ruhi So‘fi Allohyor ijodiga yaqinligi bois ayrim olimlar ularni shu ulug‘ zot nomi bilan bog‘laydi.

Oktyabr inqilobigacha So‘fi Allohyorning asarlari forsiy va turkiy tilda so‘zlashuvchi har bir mo‘min va musulmon uchun aziz va muqaddas ma’naviy meros sifatida qadrlab kelingan. Har bir xonadon, har bir madrasa va ilmiy muhitda bu asarlar ehtirom bilan o‘qilgan, yosh avlod ular orqali aqida, odob va tasavvuf ta’limotini o‘zlashtirgan. Shunga muvofiq, asarlarga arabiy, forsiy va turkiy tillarda sharhlar yozilgan, mazmunni yaxshiroq anglash uchun maxsus lug‘at va qo‘llanmalar tuzilgan.

So‘fi Allohyor Kattaqo‘rg‘onda tavallud topgan bo‘lsa-da, uzoq yillar Buxoroda istiqomat qilgan. Keyinchalik Kattaqo‘rg‘on va G‘uzorda yashagan. U oila qurib, farzandlarining tarbiyasiga alohida e’tibor qaratgan. Minglab shogirdlar tarbiyalab, xalqning ma’naviy-ma’rifiy yuksalishiga munosib hissa qo‘shgan. Umrining oxirida Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi Katta Vaxshivor qishlog‘iga borib joylashgan. Bu yerda o‘zbek mumtoz adabiyoti va tasavvuf ilmi an’analarining davomchisi sifatida o‘ziga xos maktab yaratgan. Ul zot 1721 (ayrim rivoyatlarda 1724) yil shu qishloqda olamdan o‘tgan. Hozir avlodlari shu qishloqda yashaydi. Yerli aholi bu joyni avliyoning qadamjosi, deb bilgan va uning yaqinida kichik masjid bunyod etgan. Masjid va atrofi tarixiy ziyoratgohga aylangan. Xalq orasida muqaddas va qadrli makon sifatida e’zozlanadi. 

Oyatulloh Ayniddin, 

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziy bo‘lim boshlig‘i,

 Imom Termiziy  o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudarrisi.

O‘zA