Sodir bo‘lgan vaziyatga oydinlik kiritildi
Olmaliq shahridagi sanoat zonasi hududida joylashgan yangi qurilayotgan 3-sonli Misni boyitish fabrikasida temir konstruksiyalar surunkali qor yog‘ishi natijasida qulab tushgan.
Sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa natijasida voqea joyida quruvchi kompaniyasining 32 nafar ishchisi (barchasi Hindiston Respublikasi fuqarolari) jabrlangan, ulardan 3 nafari voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, 29 nafari turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga joylashtirilgan. Jabrlangan fuqarolarning 4 nafariga shifoxonada zarur tibbiy yordam ko‘rsatilib, javob berilgan.
Ayni vaqtda sodir bo‘lgan hodisa sabablari va oqibatlarini joyida o‘rganish, zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida mas’ul tashkilotlar ishtirokida ishchi guruhi tuzilgan.
Bu haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi. Bundan avval ijtimoiy tarmoqlarda mazkur voqeaga oid videolar tarqalgan edi.
A. Musayev, O‘zA muxbiri