Buxoro viloyati Qorako‘l tumanining “Mallaishayx” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 20-sonli umumta’lim maktabi viloyatda o‘z o‘rni va mavqeiga ega ta’lim dargohlaridan. Mazkur ta’lim dargohi bitiruvchilari yildan-yilga oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari, turli fan olimpiadalarida erishayotgan yutuqlari bilan ajralib turadi.
Ana shunday bilim maskanida tahsil olgan sobiq o‘quvchilardan Nasriddin Suvonov o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘iga mehr va sadoqatini amalda namoyon etdi. U 1982–1993 yillarda tahsil olgan ushbu maktabning o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida qurilgan va bugun ta’mirtalab ahvolga kelgan eski binosini qiymati 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga 210 o‘quvchi o‘rniga ega maskanga aylantirib, qayta mukammal ta’mirlab berdi.

– O‘zim tahsil olgan maktabning yangidan qurilgandek, chiroy ochganini ko‘rib ko‘nglim yorishdi. Bu yerda mening bolalik xotiralarim, ustozlarimning mangu izlari bor. Shu sababli bu dargohni obod qilib, ertamiz egalari, farzandlarimiz uchun ta’mirlab berishni o‘z burchim deb bildim, – deydi tadbirkor Nasriddin Suvonov.
Yangi o‘quv yilida qad rostlagan zamonaviy maktab binosining tantanali ochilishida tuman hokimi Xurshid Tohirov boshchiligidagi mas’ullar, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari va ota-onalar qatnashdi. So‘zga chiqqanlar chekka mahallada amalga oshirilgan ezgu ish, unga homiylik qilgan tadbirkorga minnatdorlik bildirib, barchani samimiy tabrikladi.

Tadbirda ko‘pni ko‘rgan nuroniylar yurtimiz tinchligi-osoyishtaligi, oilalar turmushi farovon bo‘lishini tilab duoga qo‘l ochdi. Yangilangan ta’lim maskani ramziy lentasi qirqilgach, yig‘ilganlar unda yangi avlod uchun yaratilgan shart-sharoit, kitob fondi, sinf xonalari bilan yaqindan tanishdi.

– Bugun mening shogirdim tahsil olgan maktabini yangilab berdi, – deydi mazkur ta’lim maskanida ellik yil davomida biologiya fanidan saboq berib kelgan Sotiboldi Soyibov g‘ururlanib. – Bunday ezgu amallar yoshlar uchun ibrat, ustozlar uchun esa eng katta mukofotdir.
Maktabning ichki sharoitlari ham zamonaviy talablarga moslashtirildi. Sinf xonalari keng va yorug‘ bo‘lib, har bir xonaga zarur jihozlar o‘rnatildi. Maxsus Xitoydan olib kelingan o‘quv partalari o‘quvchilarning yoshiga mos ravishda sozlanadi. Shuningdek, maktab kutubxonasi yangi kitoblar va elektron resurslar bilan boyitildi.
– Maktabimizda 890 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. O‘tgan o‘quv yilida bitirgan o‘quvchilarimizning aksariyati o‘zlari tanlagan yo‘nalishlarda oliy ta’limga o‘qishga kirgani bizning katta yutug‘imizdir. Endi esa maktabimizda o‘g‘il-qizlarimizni yanada qulay sharoitlarda o‘qitib, bilim berish imkoniyatiga egamiz, – deydi maktab direktori Akram Hafizov.
Shu kuni tadbir munosabati bilan tuman hokimi maktabning 1-sinfiga qabul qilingan 96 nafar o‘quvchiga portfel, daftar va boshqa 12 xildagi zarur o‘quv qurollaridan tarkib topgan “Prezident sovg‘alari”ni topshirdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.