FOTOREPORTAJ
Yangi o‘quv yili arafasida Samarqand shahridagi 52-umumta’lim maktabining 540 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi foydalanishga topshirilgan edi. E’tiborlisi, bino shu maktabning sobiq o‘quvchisi, ayni paytda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Ilhom Rustamov tomonidan 15 milliard so‘m mablag‘ hisobiga bunyod etildi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan ushbu muassasaga tashkil etilgan press-turda ommaviy axborot vositalari vakillari maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.
- Maktabimizning 960 o‘rinli eski binosi 1965 yilda qurilgan bo‘lib, ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi, - deydi maktab direktori Feruza Najmiddinova. - Shu bilan birga, o‘quvchilar soni ko‘paygani uchun xonalar yetishmasdi, maktabda sport maydonchasi yo‘q edi. Sobiq o‘quvchimiz, tadbirkor Ilhom Rustamov maktabimiz uchun yangi o‘quv bino qurib berish tashabbusi bilan chiqdi. Biz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladik va qisqa fursatda 540 o‘rinli zamonaviy ta’lim maskani barpo etildi. To‘rt qavatli binoda o‘quv xonalari, kasb-hunarga o‘rgatish markazi, axborot texnologiyalari, chet tillarini chuqur o‘qitish xonalari, kutubxona va oshxona tashkil etilan. Shuningdek, tadbirkor maktabning 960 o‘rinli eski binosini ham mukammal ta’mirlab, uchta sport maydonchasi qurib berdi.
Press-tur davomida jurnalistlarga viloyatdagi ta’lim muassasalarini qurish, ta’mirlash hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
[gallery-25479]
Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamovning ta’kidlashicha, keyingi ikki yilda yuzdan ziyod ta’lim tashkilotida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Shu jumladan, 10 ga yaqin muassasani barpo etish va rekonstruksiya qilishda tadbirkorlar bevosita homiylik qilgan.
Joriy yilgi “Tashabbusli byudjet” dasturining 1-mavsumida viloyatdagi 51 ta ta’lim ob’ektida qurilish, ta’mirlash va moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun 74 milliard so‘mlik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA