Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sobiq ittifoqqa AQSH josuslik samolyoti nima maqsadda uchirilgan edi? KUN TARIXIDA...
13:19 / 2020-05-01

Qariyb ming yil oldin charaqlagan yangi yulduz, dunyodagi birinchi pochta markalari, Reyxstagga ilingan Gʻalaba bayrogʻi va jahon tarixidagi 1-may bilan bogʻliq boʻlgan boshqa muhim voqea-hodisalar.


Qariyb ming yil oldin charaqlagan yangi yulduz, dunyodagi birinchi pochta markalari, Reyxstagga ilingan Gʻalaba bayrogʻi va jahon tarixidagi 1-may bilan bogʻliq boʻlgan boshqa muhim voqea-hodisalar.

1006-yil (bundan 1014-yil oldin) – osmondagi Boʻri yulduzlar turkumida oʻta yangi yulduz – SN 1006 ilk bor charaqladi. Xitoy va arab astronomlari bu voqeaning batafsil tavsifini yozib qoldirishgan. Misrlik arab astronomi Ali ibn Ridvon ushbu yulduzning Veneradan 2,5–3 baravar yorqinroq ekanligini yozgan. U bizdan 6850 yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan.

1682-yil (bundan 338-yil oldin) – Fransiyada 72 yilu 110 kun hukmronlik qilgan qirol, “Davlat – bu men” iborasining muallifi Lyudovik XIV 1667-yilda asos solingan Parij Observatoriyasining yangi binosini tantanali ravishda ochdi. Uning bosh teleskopi diametri 38 metrni tashkil etadi.

1707-yil (bundan 313-yil oldin) – Shotlandiyaning Angliya bilan birlashuvi (Ingliz-shotland ittifoqi) qonuniylashtirilishi natijasida endi mamlakat Buyuk Britaniya deb ataladigan boʻldi.

1840-yil (bundan 180-yil oldin) – Angliyada dunyodagi birinchi pochta markalari paydo boʻldi. Aynan shu kuni London pochtamptida qirolicha Viktoriya tasviri tushirilgan jahondagi ilk pochta markalari sotuvi boshlandi. Pochta joʻnatmalari toʻlovi sifatida markalardan foydalanish gʻoyasining muallifi Roulend Xill hisoblanadi.

1851-yil (bundan 169-yil oldin) – Londondagi Billur saroyda texnika va madaniyat yutuqlariga bagʻishlangan birinchi Xalqaro koʻrgazmaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

1852-yil (bundan 186-yil oldin) – ispaniyalik gistolog Santyago Ramonikaxal dunyoga keldi (vafoti – 1934-yil). U 42 yoshida neyron nerv sistemasining morfologik birligi taʼlimotiga asos soldi. 54 yoshida Kamillo Golji bilan hamkorlikda Nobel mukofoti laureati boʻldi.

1869-yil (bundan 151-yil oldin) – turk shoiri Mehmet Emin Yurdakul dunyoga keldi (vafoti – 1944-yil). Ijodida vatanga boʻlgan mehri, turkiy olam bilan bogʻliq fikr-tuygʻulari, orzu-xayollari aks etgan. Ayrim sheʼrlari oʻzbekchaga tarjima qilingan.

1886-yil (bundan 134-yil oldin) – AQSHdagi umumiy ish tashlashlarda 350 mingdan ortiq ishchi qatnashdi.

1930-yil (bundan 90 yil oldin) – Moskva davlat geologiya-qidiruv universiteti tashkil etildi.

1945-yil (bundan 75 yil oldin) – sovet askarlari tomonidan Berlindagi Reyxstag binosiga Gʻalaba bayrogʻi oʻrnatildi.

1960-yil (bundan 60 yil oldin) – AQSH SSSR hududiga oʻzining oʻta balandlikda uchuvchi U-2 josuslik samolyotini yubordi. Bu bilan SSSR ning harbiy kuch-qudratini sinab koʻrmoqchi boʻldi. 22 kilometrdan uchib oʻtayotgan samolyot Yekaterinburg (Sverdlovsk) osmonida urib tushirildi. Uchuvchisi Frensis Pauers qoʻlga olindi (19-avgustda Pauers aygʻoqchiligi uchun 10 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi).

SSSR hududiga AQSH josus samolyotining uchirilishi amerika-sovet munosabatlarini yana-da keskinlashtirib yubordi. AQSH Prezidenti Duayt Eyzenxauer dunyo jamoatchiligi eʼtiborini bu hodisa uchuvchining xatosi tufayli yuz berdi, deb chalgʻitishga urindi. Biroq Prezidentning bu daʼvosi faktlar asosida inkor etildi.

Aslida bu hodisa xalqaro huquq meʼyorlarining qoʻpol surʼatda buzilishi edi. 1960-yilning 16-may kuni Parijda buyuk davlatlar rahbarlari oldindan rejalashtirilgan oliy darajadagi uchrashuvga toʻplandilar. SSSR rahbariyati Duayt Eyzenxauerdan 1-may voqeasi munosabati bilan kechirim soʻrashni talab etdi. Biroq AQSH prezidenti kechirim soʻrashdan voz kechdi. Norozilik belgisi sifatida SSSR rahbari Nikita Xrushchyov Parijdan joʻnab ketdi. Shu tariqa oliy darajadagi uchrashuv barbod boʻldi.

1964-yil (bundan 56 yil oldin) – Turkiya Radio va telekoʻrsatuv jamiyati tashkil etildi. Mamlakatda radioeshittirishlar 1927-yildan, telekoʻrsatuvlar 1968-yildan boshlangan.

2004-yil (bundan 16 yil oldin) – Vengriya, Kipr, Latviya, Litva, Malta, Polsha, Slovakiya, Sloveniya, Chexiya va Estoniya Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻldi.

Alisher EGAMBERDIYEV