Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soʻxning loy koʻchalari endi ertakka aylanmoqda
07:10 / 2020-06-29

Soʻx tumanida boshlangan obodlik va bunyodkorlik ishlari qisqa fursat ichida qishloqlar chiroyiga chiroy qoʻshmoqda.

Soʻx tumanida boshlangan obodlik va bunyodkorlik ishlari qisqa fursat ichida qishloqlar chiroyiga chiroy qoʻshmoqda.

Buni yoʻl qurilishi va taʼmirlash ishlarida ham yaqqol koʻrish mumkin. Bahorda va qishda loy, yoz va kuzda asosan tuproq boʻlgan yoʻllar oʻrnini endilikda zamonaviy tarzda qurilgan betonli qoplama va asfaltlangan koʻchalar egallamoqda.

Kecha Hushyor mahallasidagi Ziyo koʻchasi toʻliq asfaltlangan boʻlsa, bugun betonli qoplama yotqizish ishlari Sarikanda mahallasining Choradara koʻchasida boshlanib ketdi. Muammo va kamchiliklar girdobidan bosqichma-bosqich qutulayotgan tuman ahli berilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrliklardan mamnun.

Tumanda yoʻl qurilishi va taʼmirlash ishlariga 123 nafar mutaxassis va ishchilar jalb etilgan boʻlib, viloyat markazidan keltirilgan 20 ta zamonaviy texnika yoʻlsozlar mushkulini oson qilayotir.

Sarikanda, Qaqir, Lenbur, Devayron, Navobod mahallalaridagi yaqin 12 ming metr boʻlgan tuproq qoplamali yoʻllarga shagʻal, Chashma, Sharqobod, Yangiariq, Oftobru, Guliston mahallalarida 12 ming metrdan ortiq boʻlgan shagʻal qoplamali yoʻllarga sementobeton qoplamasi yotqizildi. Hududdagi ichki yoʻllarni asfaltlashtirish ishlari ham jadallik bilan davom etayapti. Shu kungacha “Rishton-Soʻx”, «Tul-Gʻaznov» yoʻnalishidagi, shuningdek, Navobod, Hashyor, Devayron, Sarikanda mahallalaridagi qariyb 5 ming metr masofa yoʻl asfalt qilindi. Shuni ham alohida taʼkidlash lozimki, har bir hudud xususiyatidan kelib chiqqan holda mahalla va qishloqlarda piyodalarga sharoit yaratish maqsadida sementobetonli piyodalar yoʻlakchasi qurilishi va betonli bordyularning montaj qilish ishlari ham olib borilmoqda. Misol uchun, tadbir boshidan Hushyor-Rovon avtomobil yoʻlining Hushyor-Sarikanda mahallalari oraligʻida 2 ming metrga kvadratga yaqin sementobetonli piyodalar yoʻlakchasi qurilib, 1 ming metr kvadratga teng masofadagi yoʻllarga betonli bordyurlar montaj qilindi.

“Devayron” mahalla fuqarolar yigʻini “Maʼrifat” koʻchasi obod, barcha havas qiladigan maskanga aylandi. Mazkur koʻchaga asfalt yotqizish ishlari oxiriga yetib, foydalanishga topshirildi.

– Bugungi kungacha bizning qishloqqa shunchalik eʼtibor boʻlmagan. Bugun biz uchun haqiqiy bayram. Bolalar, farzandlarimiz quvonchini koʻrmaysizmi, endi ular bemalol loy boʻlmasdan maktabga borib kelishadi. Shunchalik eʼtibor uchun Yurtboshimizga mahalla ahlining minnatdorchiligini bildiraman, - deydi mahalla raisi Rahmonali Boboyev.